Rossiyada migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalari cheklanishi mumkin


Rossiya Davlat dumasi mamlakatda ishlayotgan muhojirlarning chet elga pul yuborish imkoniyatlarini cheklash taklifi bilan chiqdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
“Yangi odamlar” fraksiyasi vakillari — Aleksey Nechayev, Sardana Avksenteva va Vladimir Plyakin Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullinaga ushbu tashabbus bilan murojaat qilgan.

Deputatlar bugungi kunda chet ellik ishchilarning yuborayotgan pul mablag‘lari ularning rasmiy daromadlariga mutanosibligini tekshiruvchi aniq mexanizmlar mavjud emasligini ta’kidlamoqda. Bu esa noqonuniy daromadlar, soliqdan qochish va kapitalni yashirin olib chiqishga imkon berishi mumkin.
Qonunchilar rasmiy tasdiqlangan daromaddan ortiqcha miqdorda pul o‘tkazmalarini taqiqlash orqali moliyaviy shaffoflikni oshirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish mumkin, degan fikrda.