Saneg Toshkentda oʻzining ilk shaxsiy avtoyoqilgʻi quyish shoxobchasini ochdi
Kompaniya poytaxt aeroporti yaqinida yana bir koʻp funksiyali AYOQSH barpo etishni rejalashtirmoqda.
Saneg kompaniyasi Toshkentda oʻz brendi ostida avtoyoqilgʻi quyish shoxobchasi ochilganini maʼlum qildi. U kompaniya tarmogʻidagi 20-shoxobcha boʻldi.
Yoqilgʻi quyish shoxobchasi Bektemir tumanidagi Katta halqa avtomobil yoʻlida joylashgan. Hozirda poytaxtda SEG Tasco brendi ostida franshiza asosida ikkita AYOQSH faoliyat yuritmoqda, biroq yangi manzil Toshkentda birinchi boʻlib, kompaniya tomonidan bevosita boshqariladi.
Shoxobchada kuniga 1300 ta avtomobilga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻlgan AI-92, AI-95, AI-98 benzinlari va dizel yoqilgʻisi uchun sakkizta yoqilgʻi quyish kolonkasi oʻrnatilgan. Elektromobil egalari uchun zaryadlash punkti ham mavjud.
Shuningdek, AYOQSH hududida qahvaxona va mijozlar uchun doʻkon joylashgan. Yaqin kelajakda Italiyadagi Saneg zavodining mahsulotlarini taklif etuvchi tezkor moy almashtirish punkti ochilishi kutilmoqda.