Sevinchka ijtimoiy tarmoqlardan charchab, O‘zbekistondan ketishini ma’lum qildi


Bloger Sevinchka nima uchun kontent joylashni kamaytirgani sababini tushuntirdi: u ijtimoiy tarmoqlardan charchagan va “sokin hayot” boshlashga qaror qilgan. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida xabar berdi.
Sevinchka video roliklarni nima uchun kamroq joylayotgani haqidagi savolga shunday javob qaytardi: “Instagram meni toliqtirdi! Ko‘pincha yolg‘iz qolishni istab qolyapman. Bundan buyon sokin hayot kechiraman! Yaqin kunlarda O‘zbekistondan chiqib ketaman.”
Blogerning ushbu bayonoti muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayrimlar uning qarorini qo‘llab-quvvatlab, tinchlik va shaxsiy hayotga e’tibor berish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqalar Sevinchkaning kutilmagan qaroridan afsusda ekanliklarini yozgan.
Sevinchka so‘nggi yillarda O‘zbekistonda eng faol blogerlardan biri sifatida tanilgan edi. Uning shov-shuvli, ochiq kiyimlari asosidagi videolari millionlab ko‘rishlar to‘plagan, o‘ziga xos uslubi esa yoshlar orasida keng ommalashgan.
Ayni paytda bloger qaysi davlatga ketayotganini aniqlashtirmagan. Biroq u “hammasi joyida bo‘lganida, bu qarorni qabul qilmagan bo‘lardim” deya yozib, hayotida yangi bosqich boshlanayotganini bildirgan.