Sodiq Azimovdagi gastronomik koʻcha loyihasi taqdim etildi
Toshkent shahrida tunu kun ishlaydigan gastronomik koʻcha tashkil etish loyihasi eʼlon qilindi, u Yashnobod tumanidagi Sodiq Azimov koʻchasining bir qismini egallaydi.
U Maxtumquli va Istiqbol koʻchalari oraligʻida joylashadi — 800 metr uzunlikdagi uchastkada “dam olish va gastronomik kashfiyotlar uchun zamonaviy maydon” yaratish rejalashtirilgan.
Bu joyda Taras Shevchenko gastronomik koʻchasidan farqli oʻlaroq, avtotransport uchun harakatni toʻsib qoʻyish rejalashtirilmagan.
Loyiha velosiped yoʻlaklarini yaratish va yoʻlni uch polosadan ikki polosaliga toraytirishni nazarda tutadi — oʻng polosaning bir qismi toʻxtash joylari bilan jihozlanadi.
Qurilish ishlari davomida yoʻlaklarni hozirgi 3−4 metrdan 8−13 metrgacha kengaytirish, yozgi terrasalar uchun qoʻshimcha maydon yaratish rejalashtirilgan.
Yangi gastronomik koʻchada “workout” maydoni, selfi zonasi va ikkita bio-hojatxona tashkil etiladi, shuningdek, yana 15 ta yengil konstruksiyali savdo shoxobchalari oʻrnatiladi.
Yangi gastronomik koʻcha yaratish boʻyicha ishlar 2024-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, Sodiq Azimov koʻchasidagi loyiha yakunlangach, ikkinchi bosqich — Alimkent koʻchasida sayyohlik xiyobon qurilishi boshlanadi.