O‘zbekistonda gaz va benzin ishlab chiqarish qisqardi


2025-yilning birinchi yarmida mamlakatda avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada kamaydi. Tabiiy gaz qazib olish borasida ham pasayish kuzatildi.
Statistika agentligi tomonidan taqdim etilgan yarim yillik sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning olti oyi davomida O‘zbekistonda umumiy qiymati 488,5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,6 foizga ko‘proqdir.

Bu davrda 575,6 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi. Solishtirish uchun, 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 675,9 ming tonnani tashkil etgan. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi esa 505,1 ming tonnadan 557,5 ming tonnaga ko‘tarildi.
Yarim yillik natijalarga ko‘ra, tabiiy gaz qazib olish hajmi 21,8 milliard kub metrni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davrida 22,5 milliard, 2023-yilda esa 23,5 milliard kub metr atrofida bo‘lgan.
Shuningdek, mamlakatda neft qazib olish hajmi ham kamaygani qayd etilgan. 2024-yilning dastlabki yarmida 364 ming tonna neft qazib olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 323,8 ming tonnaga tushib ketgan.