Spark qayta tiriladi: Avtomobilning yangi suratlari eʼlon qilindi


Chevrolet kompaniyasi Spark modelining keyingi avlodiga oid ilk rasmiy suratlarni taqdim etdi. Endilikda ushbu mashina kichik xetchbek emas, balki ixcham shahar krossoveri sifatida namoyon boʻladi.
Model Xitoyning Baojun Yep Plus (Yuyee Plus nomi bilan ham tanilgan) elektromobili platformasida yaratilgan boʻlib, General Motors (GM) va SAIC qoʻshma korxonasida ishlab chiqilgan.

Avval ham Chevrolet Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilgan va ularning mahsulotlarini oʻz brendi ostida taqdim etgan. Masalan, Baojun 530 platformasida ikkinchi avlod Chevrolet Captiva yaratilgan.

Yangilangan Chevrolet Spark oʻzining asl Baojun Yep Plus modelidan asosan emblema va shildiklar bilan farqlanadi. Avtomobil oʻziga xos burchakli kuzov, kuchli bamperlar, qora yaltiroq ramka bilan bogʻlangan LED faralar, vertikal joylashgan orqa chiroqlar hamda ochiluvchi yukxonaga ega.
Mashina oʻlchamlari quyidagicha: uzunligi 3 996 mm, kengligi 1 760 mm, balandligi 1 726 mm va gʻildirak bazasi 2 560 mm.
Salon ichki dizayni ham asosan Baojun modelidan olinib, farqlovchi jihati faqat ruldagi Chevrolet logotipi boʻladi. Ichki panelda multimedia tizimi uchun alohida ekran joylashgan, old oʻrindiqlar orasida esa stakan qoʻyish mumkin boʻlgan tirsak qoʻygich mavjud.

Hozircha yangi Chevrolet Spark EUVʼning texnik xususiyatlari rasmiy ravishda eʼlon qilinmagan. Modelning Oʻzbekistonda sotilishi yoki sotilmasligi borasida ham aniq maʼlumot yoʻq.