Toshkentda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reyd boshlandi


Poytaxt hokimligi huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilik doirasida ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Toshkent shahrida duch kelgan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlik ogohlantirish bilan chiqib, shahar aholisi murojaatlarini “diqqat bilan tinglagan” holda, poytaxtda tozalikni saqlash uchun “qat'iy choralar ko‘rilayotgani"ni qayd etdi.
Xususan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi ommaviy reyd tadbirlari huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ularga nisbatan amaldagi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq jazo choralari qo‘llaniladi.
“Shaharda tozalik va tartib har bir fuqaroning mas’uliyatidir. Biz aholini qoidalarga rioya qilishga, atrof-muhitni hurmat qilishga va ona shahrining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda. Poytaxt hokimligi shahar aholisini tozalikka amal qilishga chaqirdi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91−1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 mingdan 1,125 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,75 — 7,5 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.