Teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyevani Instagram`da haqorat qilgan erkak jazolandi
Taniqli teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyeva Instagram sahifasidagi qizi bilan raqs tushayotgani aks etgan video ostiga haqoratomuz izoh yozgan erkak bilan sudlashdi.
Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yili 30-iyun kuni Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro Sotiboldiyevaning Tailandda qizi bilan olgan va Instagram sahifasiga joylashtirgan video ostida boshlovchini soʻkib, izoh qoldirgan.
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga toʻliq iqrorligini bildirgan. Nilufar Sotiboldiyeva esa ushbu holat sodir boʻlgach mazkur shaxsga “Sening ham oilang bormi? Nimaga bunday gaplarni yozasan”, deb murojaat qilgani va uning rasmini oʻzining akkauntiga joylashtirgani, shundan soʻng ushbu akkaunt egasi unga yana turli xil gaplarni yozib rasmlarni olib tashlashini soʻraganini aytgan.
Shuningdek, ushbu holat boʻyicha ariza bilan murojaat qilgani, sudlanuvchi bilan yarashish mumkinligi va yarashuv instituti tartibi tushuntirilgani, biroq yarashmasligini, zero qolganlarga dars boʻlishini, sudlanuvchiga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻrab, maʼnaviy zarar sifatida yuz million soʻm talab qilishi haqida koʻrsatma bergan.
Sudya Bahrom Berdiyev sudlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.