Toshkent Markaziy Osiyoning eng kuchli uch shahridan biri bo‘ldi


Nufuzli tadqiqot markazi Oxford Economics tomonidan e’lon qilingan “2025-yilgi Jahon shaharlari indeksi”da Toshkent shahri Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or uch shahar qatoridan joy oldi.
Mazkur indeks dunyo bo‘yicha 1000 ta yirik shaharning rivojlanish darajasini beshta asosiy yo‘nalish: iqtisodiy salohiyat, inson kapitali, hayot sifati, ekologik barqarorlik va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha tahlil qilgan.
Har bir yo‘nalish ichida yalpi ichki mahsulot hajmi, ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash tizimiga kirish imkoniyati, atrof-muhitga ta’sir va mahalliy boshqaruv samarasi kabi mezonlar baholangan.
Toshkent Markaziy Osiyo shaharlari ichida uchinchi o‘rinda turibdi. Reytingda Olmaota yetakchilik qilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Ostonaga nasib etdi.
Umumiy jahon reytingida esa Toshkent 1000 ta shahar orasida 471-o‘rinni egalladi. Ayniqsa, inson kapitali yo‘nalishida Toshkent 123-o‘rinni egallab, ta’lim sifati, ishchi kuchining malakasi va demografik barqarorlik bo‘yicha ijobiy natijalarga erishgani ko‘rsatib o‘tildi.