Toshkentda 200 mingdan ortiq pulli to‘xtash joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda


Toshkent shahrida 200 mingdan ortiq pulli to‘xtash joylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Toshkent Invest” kompaniyasi raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko ma’lum qildi.
Birinchi bosqichda yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joylari uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta uchastkani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Xususan, birinchi pulli avtoturargohlar sinov tariqasida mart oyida — ehtimol, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarining ayrim ko‘chalarida ishga tushiriladi. 2025-yil iyulidan boshlab pulli avtoturargohlar ommaviy ravishda joriy etilishi kutilmoqda.
Gurko Toshkent shahar yagona parking axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan Streetpark Systems kompaniyasi hozirda mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi. U orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Pulli to‘xtash joylarini joriy etish orqali hokimlik tirbandliklarni kamaytirish va harakat tezligini oshirishni kutmoqda. Masalan, Said Baraka ko‘chasining bir qismida 250 ta avtoturargoh tashkil etilmoqda.
Natijada tartibga solingan avtoturargoh tirbandlikni 18 foizga kamaytirishi, o‘rtacha harakat tezligini 14 foizga oshirishi (37 km/soatdan 42 km/soatgacha) va kommunal xizmatlar uchun qulay sharoit yaratishi prognoz qilinmoqda. Xuddi shunday hisob-kitob To‘ytepa ko‘chasining 65 o‘rinli qismi uchun ham o‘tkazildi: tirbandliklar 20 foizga kamayadi, o‘rtacha harakat tezligi esa 15 foizga — soatiga 35 kilometrdan 40 kilometrgacha oshadi.