Toshkentliklarning oʻrtacha ish haqi 2024-yilda 9 million soʻmgacha oshdi


Statistika agentligi Oʻzbekiston viloyatlari va Toshkent shahrida 2024-yil uchun oʻrtacha nominal oylik ish haqi koʻrsatkichlarini eʼlon qildi. Maʼlumotlarda kichik tadbirkorlik va qishloq xoʻjaligi subyektlari hisobga olinmagan.
Nominal hisoblangan ish haqi — jismoniy shaxslarning yollanma ishchi xodim sifatida muayyan vaqt (soat, oy, yil) davrida ishlab chiqargan mahsulot (bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat) uchun ish beruvchi tomonidan hisoblab chiqarilgan, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlarni va boshqa toʻlovlarni oʻz ichiga olgan haq toʻlash tarzidagi hisoblangan daromadlari.
Maʼlum qilinishicha, 2024-yilda mamlakat boʻyicha oʻrtacha ish haqi 17,4 foizga oshib, 5 357 200 soʻmni tashkil etgan. Oʻtgan yillar koʻrsatkichlari:
- 2023-yil — 4 561 900 soʻm;
- 2022-yil — 3 882 200 soʻm;
- 2021-yil — 3 214 800 soʻm;
- 2020-yil — 2 673 300 soʻm.
Qayd etilishicha, 2023-yilga nisbatan eng yuqori oʻsish poytaxtda kuzatilgan. Unga koʻra, oʻrtacha ish haqi 21,4 foizga oshib, 9 072 400 soʻmni tashkil etdi. Toshkent viloyatida ish haqi 12,2 foizga oshib, 5 097 900 soʻmni tashkil qilgan.
Agentlik hisobotida qayd etilishicha, mamlakatda eng yuqori oylik maoshlar iqtisodiy faoliyatning “axborot va kommunikatsiyalar” sohasi “kompyuter dasturlari, konsalting va boshqa tegishli xizmatlar” yoʻnalishida boʻlib, 18 million 288,6 ming soʻm hisoblanadi.
Daromadlar boʻyicha ikkinchi oʻrinda “sugʻurtalash, qayta sugʻurta qilish va majburiy ijtimoiy sugʻurtadan tashqari pensiya jamgʻarmalarining faoliyati” yoʻnalishidagi “bank, sugʻurta, lizing va kredit vositachiligi” faoliyati boʻlgan. Ularning maoshi 17 848 500 ming soʻmgacha boʻlgan.