“Uddalab bo‘lmas topshiriq” filmi rejissyori Tom Kruzning aqlbovar qilmas takliflari haqida gapirdi


Chorshanba kuni Kann kinofestivalida Tom Kruz ishtirokidagi "Uddalab bo‘lmas topshiriq: Yakuniy hisob-kitob" blokbasteri taqdim etildi. Film rejissyori Kristofer MakKuorri bo‘lib, u ham franshizaning beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlari ustida ishlagan. Premyeradan oldin rejissor tomoshabinlar bilan uchrashdi.
“Bu filmda juda ko‘p ahmoqona tryuklar bor, lekin ularning oxirgisi men tentaklik qilib Tomga Tik Tokdagi bitta videoni ko‘rsatganimdan keyin paydo bo‘ldi. Men uni shunchaki ovuntirmoqchi bo‘ldim, u esa menga: “Men buni takrorlashim mumkin!” dedi. Men unga: “Yo‘q, mumkin emas”, dedim. Biz biroz bahslashdik, lekin oxir-oqibat bu sahnani ishlab chiqishni boshladik. <...> Mendan ko‘pincha Tom biror narsa taklif qilsa-yu, men rad javobini bersam, deb so‘rashadi. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. O‘zim Tomga nimadir taklif qilganimdan tez-tez afsuslanamanmi? Ha, har doim”, — dedi rejissor.
Uchrashuvda ishtirok etgan Kruz nima uchun suratga olish jarayonida o‘zi tryuklarni bajarishdan qo‘rqmasligini aytdi.
“Men har doim qiziqarli va jo‘shqin hayotim bo‘lishini xohlaganman. Men noma’lum narsani sinab ko‘rishga qiziqaman va bu tamoyilga doimo amal qilaman, xoh u yangi tryuk, hayotiy tajriba yoki film bo‘lsin. Inson nima uchun hech narsa qilmaslik kerakligi haqida millionlab sabablarni o‘ylab topishi mumkin. Hammaga maslahatim - qo‘ldan boy berilgan imkoniyatdan afsuslanishdan ko‘ra, sinab ko‘rish kerak. Mukammal lahzani kutmaslik kerak, u hech qachon kelmaydi”, — deydi aktyor.
Avvalroq Paramount studiyasi filmni suratga olish jarayonidan olingan kadrlarni baham ko‘rgan edi - masalan, Kruz ishtirokidagi suv osti sahnalari qanday yaratilganini ko‘rsatdi.