Верхний
РУ
O’Z
UZS
/
/
Uyqu falaji: bu nima va nima uchun u haqiqatan ham qo‘rqinchli
28.01.2025 (yangilandi 06.02.2025)

Uyqu falaji: bu nima va nima uchun u haqiqatan ham qo‘rqinchli

Uyqu falaji: bu nima va nima uchun u haqiqatan ham qo‘rqinchli

Ko‘pgina qo‘rqinchli filmlarda qahramon maxluqni ko‘rishi bilan dahshatdan qotib qoladigan sahnalar mavjud. Qo‘rquv qochish yoki o‘zini himoya qilishdan emas, hattoki qimirlashga yoki nigohini chetga olishga ham hol kelmaydi. Xuddi shu holatni haqiqatda butun Yer yuzi aholisining taxminan 7,6 foizi - ya’ni 600 milliondan ortiq kishi boshidan kechiradi. Uyqu falaji azaldan ma’lum, ammo fan uni o‘rganishni yaqindagina boshladi. Gap nafaqat hodisaning nisbatan kam uchrashi, balki uni “ishga solish”ning murakkabligidadir. Toping.uz ushbu kasallikni o‘rgandi va hayotida bir necha bor shunday voqeani boshdan kechirgan qiz bilan suhbatlashdi.

image

Ushbi mavsumda Sharm al-Shayxga

icon

Bu qanday namoyon bo‘ladi?

Uyqu falaji uyqu va hushyorlik chegarasida, ya’ni bizning ongimiz go‘yoki real dunyo va fantaziya o‘rtasida turganda sodir bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bu ko‘rinish ikkita holatda: biz uxlayotganimizda va uyqudan turishga tayyorlanayotganimizda ro‘y berishi mumkin. Bu tom ma’noda falajlikdir: inson nima sodir bo‘layotganini tushunadi, lekin qimirlay olmaydi. Bunga yana  ko‘krakdagi siqish hissini qo‘shing, buning natijasida nafas olish qiyinlashadi. Lekin eng yomoni - real gallyutsinatsiyalar hisoblanadi. Qo‘rqinchli tovushlar, shitirlashlar, g‘ichirlashlar, shivirlashlar, lip-lip o‘tayotgan sharpalar, g‘alati soyalar odatda bularning hammasi tunda sodir bo‘ladi, bu esa faqat qo‘rquv hissini kuchaytiradi. Yoki tushlar yanada realroq bo‘lib, kimgadir yoki nimagadir o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Shu bilan birga, inson ojiz va hatto qimirlashga ham qodir emas, sodir bo‘layotgan hamma narsa haqiqiydek bo‘lib ko‘rinaveradi. Yurakning hozir otilib chiqqudek dukurlashi fenomenning yana bir alomatini anglatadi.

Uyqu falaji o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi - odatda hodisa bir necha daqiqa davom etadi. Ammo shuni hisobga olish kerakki, odam qo‘rquvdan deyarli karaxt bo‘lib qoladi; bunday sharoitlarda vaqtning o‘tishi boshqacha tuyulishi mumkin va keyinchalik dahshatli tush haqiqatda qancha davom etganini baholash qiyin bo‘ladi.

“Garri Potter”dan dementor keldi

Toshkentlik Sabina o‘z boshidan kechirgan voqeani Toping.uz bilan o‘rtoqlashdi. Qiz uch marta uyqu falajini har xil holatlarda boshdan kechirgan: bu uyquga ketish paytida ham, uyqudan turish oldidan ham paydo bo‘lgan. Barcha holatlar kuchli kundalik tashvishlari paytida sodir bo‘lgan. Oxirgi voqea eng aniq va dahshatli bo‘lib, u taxminan 10 yil oldin sodir bo‘lgan  edi:

- O‘sha paytda stresslar ko‘p bo‘ldi: ishdan ketdim, boshqa shaharga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘ldim, shaxsiy munosabatlarda muammolarim bor edi. Bir kuni kechqurun uyda yolg‘iz edim va qachon uxlab qolganimni bilmayman. Go‘yoki tanam allaqachon o‘chib qolgan, lekin ong hali uyg‘oq va sen mana shu chegarada turasan. Uxlayapmanmi, yo‘qmi, tushunmayapman. Birdan eshik ochilib, allaqanday qiyofa paydo bo‘ldi. Bu xuddi “Garri Potter”dagi  - qora ro‘dapo kiyimdagi, yuzi ko‘rinmayotgan dementorga o‘xshardi [Kitoblar olamida dementorlar sehrgarlar uchun qamoqxona qo‘riqchilari; ular ijobiy tuyg‘ularni tortib oladi va salbiylarini kuchaytiradi. Toping.uz izohi]. 

Oldingi uyqu falajlari paytida qiyofa shunchaki xonada bo‘lgan, hozir esa menga qarab sakradi. Men uning ko‘kragimdan bosayotganini sezib turardim. Kamiga qimirlay olmay qoldim va uyg‘oqligimni bilib turardim - hammasi haqiqiydek tuyular edi. Baqira olmayman, qo‘rquv shunchaki g‘alati edi. “Sabina, bu bo‘lishi mumkin emas, sen uxlayapsan, ko‘zingni och, ko‘zingni och, ko‘zingni och”, deb o‘zimga-o‘zim ichimda gapira boshlaganimda xuruj tugadi. Uyqudan turishga uringancha o‘zimcha shunday takrorlayverdim. Va men o‘zimni uyqudan chiqarib olgandek bo‘ldim. O‘zingizga kelib olishingiz qiyin - nafas olishni ham uzoq vaqt tiklay  va yurak urishini tinchlantira olmaysiz, chunki qo‘rquv davom etaveradi.

Sabinaning ta’kidlashicha, u yomon tushlardan chiqib, organizmini uyg‘otishni biladi. Shol bo‘lib qolganida xuddi shu narsa unga yordam berdi. Qizning qo‘shimcha qilishicha, u tabiatan ancha behalovat:

- Men doim asabiylashaman, hayotimda juda ko‘p murakkab voqealar bo‘lgan. Nevrologga bu muammo bilan murojaat qilmaganman. Shunga qaramay, falajlik juda kamdan-kam hollarda, ya’ni organizm va ruhiyat deyarli halokat yoqasiga kelib qolgan paytlarda sodir bo‘lardi. Shu sababli o‘zimni vitaminlar va o‘tli choy bilan tinchlantirishga harakat qilaman. Lekin bu tez-tez bo‘lib turganda, albatta shifokorga borardim, chunki bunday holatni boshdan kechirish haqiqatan ham qo‘rqinchli.

Nima uchun aynan dementor Sabinaning oldiga  keldi? Balki qandaydir esda qolgan obraz orqali ongosti ishga tushgan bo‘lishi mumkin: “Men “Garri Potter”ni juda yaxshi ko‘raman, bu bolaligimdagi eng ajoyib kitoblardan biri. Va birinchi dahshatli qahramon - aynan o‘sha dementor bo‘lgan. Ehtimol, bu dementor bo‘lmay, balki juda o‘xshash bir narsa bo‘lgandir. Qo‘rquv hissi juda kuchli edi, chunki uning yuzini ko‘rmaysiz - u kapyushon ostida yashiringan edi”. 

Ilmiy izoh

Ekologiyaning yomonligi, gavjum shaharlar, doimiy shoshilish va hokazolarni hayotning zamonaviy maromiga yo‘yish mumkin edi. Ammo ushbu holat haqida yuz yilcha oldin yozilgan. To‘g‘ri, o‘sha paytda bu hodisani odatda: go‘yoki ruhlar, jinlar, jodugarlar va boshqa mavjudotlar odamlarga tinchlik bermaydi, deb paranormal hodisalar bilan izohlashgan. Tegishli tarzda - urf-odatlar va diniy marosimlar bilan “davolashgan”. Qizig‘i shundaki, falaj deyarli barcha sivilizatsiyalar va xalqlarda ma’lum bo‘lgan va ularning har birida bu o‘ziga xos tarzda tushuntirilgan. Lekin hammasi u yoki bu tarzda qandaydir narigi dunyoga borib taqalavergan.

Bizning davrimizda uyqu falaji to‘liq o‘rganilmagan va buning o‘ziga yarasha bir qator sabablari mavjud. Birinchidan, u hayotda 1-2 marta uchrashi mumkin, shu sababli agar, albatta, uyquga ketish va yana shunday holatni boshdan kechirishdan qo‘rqish hollarini hisobga olmasak, insonga zarar yetkazmaydi. Ikkinchidan, bunday holatni sun’iy ravishda keltirib chiqarish qiyin. Biroq shunga o‘xshash tajribalar ham o‘tkazilgan: Yaponiyadagi bir guruh ko‘ngilli talabalar uxlab qolishadi, tadqiqotchilar ularni uyg‘otishadi, keyin yana uxlashga qo‘yib berishadi va besh daqiqadan so‘ng yana uyg‘otishadi. Оlimlar oltita holatda  uyqu falajiga erishdilar. Fenomer to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar ba’zi narsalarni aniqladilar va ularning topilmalari muammoning kelib chiqish sabablarini aniqlashga imkon beradi.

Uyqumiz tez va sekin kechuvchi ikki fazadan iborat. Tushlarni tez fazada ko‘ramiz. Buni chetdan kuzatish mumkin - odamning ko‘zlari yumuq holatda harakatlanadi. Bu paytda muskullar butunlay bo‘shashgan va hatto qisman “o‘chirilgan” bo‘ladi. Bu organizmning himoya funksiyasi bo‘lib, aniq tushlar paytidagi kuchli hissiyotlar tufayli o‘zimizga zarar yetkazmasligimizni ta’minlaydi.

Taxminlardan biriga ko‘ra, uyqu falaji uyqu bosqichlarining almashishi vaqtida yuzaga kelgan uzilish sababli ro‘y beradi. Ko‘p hollarda biz bu o‘tishni sezmay qolamiz, ammo juda kamdan-kam hollarda ongimiz muskullar boshqaruvdan chiqib ketganini anglab qoladi. Bu vahimaga sabab bo‘ladi va u tushni idrok etishni kuchaytiradi, natijada tush tobora bosimli va haqiqiyroq tuyula boshlaydi.

Uyqu falaji, ayniqsa, vahima xurujlariga moyil kishilarga ko‘proq ta’sir qiladi - taxminan 35 foiz inson hayotida kamida bir marta bunday dahshatli holatni boshdan kechirgan. Bu olimlarni tabiatan xavotirli odamlar ushbu hodisaga ko‘proq moyil, degan xulosaga olib keldi. Shuningdek, tadqiqotlar davomida talabalar orasida ham uyqu falajining ancha yuqori ko‘rsatkichi - 28,3 foiz qayd etildi. Yana bir muhim omil - turmush tarzi va uyqu bilan bog‘liq odatlarga borib taqaladi. Talabalar orasida bu hodisaning tez-tez uchrashi ham shundan: kam uxlash, o‘qish paytidagi katta aqliy zo‘riqish, tartibsiz ovqatlanish, uyg‘oqlik va dam olish tartibiga rioya qilmaslik, shuningdek, spirtli ichimliklarning ta’sirini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim.

Biroq ushbu hodisa hali to‘liq o‘rganilmagan va bu holatga moyil bo‘lgan boshqa omillar hamda kishilar guruhlari mavjudligini istisno etmaydi.

Xavfni kamaytirish uchun nimalar qilish kerak

Uyqu falajining oldini olish taxminan uyqu sifatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar bilan bir xil:

 -Uyqu rejimiga rioya qilish: bir vaqtda yotish va uyg‘onish

- Uyqu uchun yetarli vaqt ajratish: kattalar uchun 7-8 soat. Bundan tashqari, bu vaqtdan ko‘proq uxlash ham zararli

- Spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik va uyqudan oldin chekmaslik

- Kunning ikkinchi yarmida energetik ichimliklar va qahvani istisno qilish

- Kechki paytlarda stress darajasini kamaytirish: yangiliklar, muhim suhbatlar va yozishmalarni erta tonggacha qoldirish

- Yotoqxonani shamollatish va yostiq bilan qulay to‘shak tanlash

Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.