Uzum Bos: Oʻyinchilar soni 1 milliondan ortdi
Uzum ekotizimi yaqinda oʻzining bosuvchi oʻyinini ishga tushirgandi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra Uzum Bos oʻyini botiga 1 milliondan ortiq odam qoʻshilgan. Kompaniya bu bilan toʻxtab qolmoqchi emas, foydalanuvchilar soni koʻpayishda davom etmoqda.
Uzum Bos oʻyini botiga 1 million nafar obunachi yigʻildi. Ular ekranga bosish orqali Hurmat tangalari yigʻishadi va keyinchalik summani Uzum Marketʼdan sertifikatlarga almashtirish mumkin boʻladi.
Oʻyinda qoidalar biroz oʻzgargan: har bir ishtirokchida sovgʻalar olish imkoniyati koʻproq boʻlishi uchun qoidalar yangilangan. Bir soatda qancha koʻp tajriba toʻplansa, xarid uchun promokodlar olish imkoniyati shunchalik yuqori boʻladi.
Birinchi gʻoliblar taqdirlandi
5-avgust kuni ishtirokchilar orasida 20 ta 100 ming soʻmlik promokodga ega sertifikatlar oʻynaldi. Tanlov haqqoniy oʻtishi uchun randomayzer sayti orqali gʻoliblar aniqlangan.
Endi 3 kun ichida gʻoliblarning promokodi “Mening promokodlarim” boʻlimida paydo boʻladi va roʻyxatdan oʻtishda koʻrsatilgan telefon raqamga SMS keladi. Kompaniya bu hali boshlanishi ekaniga ishontirmoqda.
Koʻproq tanga yigʻish imkoniyati
Bu oʻyin ham boshqa bosuvchilar kabi koʻproq ball yigʻish uchun obuna, xizmat yoki boshqa turli yoʻllarni taklif qilmoqda. Jumladan, Uzum kartasini oldindan buyurtma qilganlar uchun 1 millionta tanga hadya qilinadi.
Kartaga buyurtma berish uchun Uzum Bank ilovasini oxirgi versiyasigacha yangilash kerak. Qayd etilishicha, barcha oldindan qilingan buyurtmalar yaxshilab tekshiriladi va topshiriqni haqqoniy bajarganlargina mukofotlanadi.
Shu xabardan soʻng kartaga buyurtma beruvchilar soni keskin oshib ketgan. Shuningdek, Uzumʼning boshqa xizmatlari Telegram, Instagram va YouTube sahifalariga obuna boʻlganlarga ham yaxshigina ballar sovgʻa qilinmoqda.
Uzum Bos atrofida turli memlar
Ekranga bosish oʻyinlari ommalashgach, ularning atrofida turli hazillar ham paydo boʻldi. Jumladan, koʻproq va tezroq bosish uchun apparatlar sotuvga chiqdi. Hattoki, oʻta band odamlar ekranni bosish uchun oʻziga xodim yollay boshladi.
Uzum Bos oʻyini ham bu trenddan chetda qolmadi. Soʻnggi eʼlon qilingan videolardan birida foydalanuvchilardan birining mushugi panjasi bilan oʻyin oʻynayotganini koʻrish mumkin. Jonzot katta qiziqish bilan Hurmat tangalarini toʻplamoqda.
Shuningdek, oʻyinchilar orasida soʻrovnoma oʻtkazilgan. Unda kim nechta barmoqda ekran bosayotgani haqida savol berilgan. Koʻpchilik 3 ta barmoqda ekran bosayotganini bildirgan. Undan keyingi oʻrinlarda esa ikkita va bitta barmoq degan javoblar bormoqda.