Xonanda Mirjalol Ne’matov mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi


Adliya vazirligi xonanda Mirjalol Ne’matov tomonidan mualliflik huquqi buzilgani haqida ma’lum qildi. San’atkor muallifning ruxsatisiz ikkita she’rdan foydalangani aniqlandi.
Voqea mualliflik huquqini himoya qilish jamiyati a’zosi Farhod Mo‘minovning Adliya vazirligiga bergan arizasi bilan boshlangan. U o‘zining “Qo‘shni qiz” va “Men turganda” nomli she’rlarini Ne’matov omma oldida ijro etganini ta’kidlagan.
O‘tkazilgan tekshiruv natijasida xonanda haqiqatan ham asarlardan huquq egasining roziligisiz foydalangani tasdiqlandi. Mirjalol Ne’matovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzildi.
Ishni ko‘rib chiqish yakunida Toshkent shahar Uchtepa tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ijrochini aybdor deb topdi. Sud mualliflik huquqini buzganlik uchun jazo chorasi sifatida ma’muriy jarima solish to‘g‘risida qaror chiqardi.