Yaponiyalik ayol dunyodagi eng keksa odam deb topildi
116 yoshdan oshgan ayolga Ginnesning rekordlar kitobi sertifikati topshirildi.
Ginnesning rekordlar kitobi vakillari hozirda hayot boʻlgan dunyodagi eng keksa ayolni ziyorat qilib, unga maxsus sertifikat topshirdi.
Dunyodagi eng keksa inson Tomiko Itooka 1908-yil 23-mayda Yaponiyada dunyoga kelgan. Bugungi kunda ayol 116 yosh-u 116 kunni qarshilagan.
“Hego prefekturasidagi Asiya qariyalar uyida unga Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy sertifikatini topshirdik. U soʻnggi besh yil davomida shu yerda istiqomat qilib keladi. Oʻtgan oyda 117 yoshli Mariya Branyas Morera vafot etgandan soʻng, Tomiko dunyodagi eng keksa ayol va eng keksa inson unvonlarini qoʻlga kiritdi”, — deya xabar bermoqda Ginnes kitobi rasmiy veb-sayti.
Tomiko Itooka imperator Meyji hukmronligi davrida Osakada tugʻilgan. Oʻrta maktabda u voleybol jamoasiga aʼzo boʻlgan, 1979-yilda esa turmush oʻrtogʻi vafot etgandan soʻng qoyaga chiqish va piyoda yurish bilan shugʻullana boshlagan.
Maʼlumot uchun, hayoti hujjatlar bilan tasdiqlangan dunyodagi eng keksa inson hamon fransiyalik Janna Kalman boʻlib qolmoqda. U 122-yil-u 164 kun umr koʻrib, 1997-yil avgustda vafot etgan. Itooka bu koʻrsatkich boʻyicha 23-oʻrinda turibdi, biroq ikki haftadan keyin 21-pogʻonaga koʻtarilishi mumkin.