РУ
O’Z
UZS
/
/
Yangicha desert: tez tayyor bo‘ladigan rezavorli krambl
02.07.2024

Yangicha desert: tez tayyor bo‘ladigan rezavorli krambl

Yangicha desert: tez tayyor bo‘ladigan rezavorli krambl

Nafaqat uyingzni, balki qalbingizni ham shirinlik va mehr bilan to‘ldiradigan yangi pishirilgan pirogning xushbo‘y iforini bir tasavvur qiling. Krambl – aynan shunday xususiyatlarga ega desert bo‘lib, o‘ziga o‘rgatib qo‘yish xususiyatiga ham ega.  

E’tiboringizga oila a’zolaringiz va mehmonlaringizga shubhasiz yoqadigan rezavorli krambl retseptini taqdim etamiz.

Krambl qanday pishiriq? 

Bu an’anaviy ingliz deserti bo‘lib, u Buyuk Britaniyada Ikkinchi jahon urushi paytida tayyorlana boshlangan va bugungi kunda ham turli xil variantlarda pishirilmoqda. 

Krambl retsepti juda oddiy, ammo natijada qarsildoq, og‘izda eriydigan xamir va mayin pishgan mevalardan iborat pirog tayyor bo‘ladi. Dasturxonga esa muzqaymoq, tabiiy yogurt yoki ko‘pirtirilgan qaymoq bilan tortiladi.  Bizning rezavorli retseptimizni sinab ko'ring: u oila a’zolaringizni ham, mehmonlarni ham hayratda qoldiradi.

Rezavorli krambl retsepti 

(20x20 sm qolip uchun)

  • Har qanday turdagi rezavorlar (olcha, qulupnay, gilos) – 350 gr
  • Shakar – 100 gr
  • Limon sharbati – 1 osh qoshiq
  • Jo‘xori kraxmali – 1 osh qoshiq.
  • Suv – 1 osh qoshiq
  • Soda – 1/2 choy qoshiq
  • Vanillin 

Krambl uchun: 

  • Bodom (yoki boshqa biror) uni – 110 gr
  • Jo‘xori yormasi – 125 gr
  • Jigarrang shakar – 65 gr
  • Qabartma – 1/2 choy qoshiq.
  • Dolchin, zanjabil, muskat yong‘og‘i – 1 choy qoshiqdan
  • Tuz – 1/2 choy qoshiq
  • Eritilgan sariyog‘ – 75 g

Tayyorlanishi:

  1. Pechni 180 darajagacha oldindan qizdiramiz, pech qolipini yog‘lab olamiz.
  2. Pirogimiz asosi uchun barcha masalliqlarni kastryulkada aralashtirib, o‘rtacha past olovda taxminan 20 daqiqa davomida aralashtirib turgan holda pishiramiz. Bu vaqt ichida sirop quyuqlashib, murabbo shakliga kelishi kerak.
  3. Krambl uchun masalliqlarni aralashtiramiz. Aralashma sal yopishqoq “pesochniy” (uvoqli) shaklda bo‘lishi kerak.
  4. Pech qolipi tagiga kramblning 2/3 qismini bosib, sal devorlariga chiqarib joylaymiz.
  5. Qolipga rezavorli aralashmani yoyib, so‘ng ustiga qolgan krambl aralashmasini quyamiz.
  6. Ustini qizarguncha, sirop esa qaynay boshlaguncha 30 daqiqa davomida pishiramiz.
  7. Rezavorli murabbo qotishi uchun kramblni uzatishdan oldin sovutib olamiz. Hozirgi issiq havoda kramblni plombir muzqaymoq bilan dasturxonga uzatish tavsiya etiladi. Yoqimli ishtaha!