РУ
O’Z
UZS
/
/
1-dekabrdan suv uchun toʻlovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
11.11.2024

1-dekabrdan suv uchun toʻlovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi

1-dekabrdan suv uchun toʻlovlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi

Endilikda mazkur sanadan boshlab nazoratchilar va suv taʼminoti xodimlari orqali naqd pul bilan toʻlov qabul qilinmaydi.

1-dekabrdan Oʻzbekistonda suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda “Oʻzsuvtaʼminot” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangilik suv taʼminoti sohasida shaffoflikni taʼminlash va korrupsiya holatlariga qarshi kurashishga qaratilgan.

Endilikda mazkur sanadan boshlab nazoratchilar va suv taʼminoti xodimlari orqali naqd pul bilan toʻlov qabul qilinmaydi.

Fuqarolar oʻzlari uchun qulay boʻlgan toʻlov usullarini tanlashlari mumkin:

  • cabinet.uzsuv.uz shaxsiy kabinet orqali;
  • @uzsuvbot Telegram boti orqali;
  • Elektron toʻlov tizimlari (Click, Paynet, Alif Mobi, Payme, Oson, Uzum Bank) hamda toʻlov infokiosklari va tijorat bank kassalari hamda shoxobchalari, pochta boʻlimlari orqali.

Xabarda taʼkidlanishicha, soʻnggi vaqtlarda sohada korrupsiya holatlari aniqlangan. Masalan, Sirdaryo viloyatidagi inspektor 36 nafar jismoniy va yuridik shaxsning ishonchiga kirib, davlat kompaniyasi va fuqarolarning hisob raqamlariga oʻtkazmasdan 52 mln soʻmni oʻzlashtirib olgan.

Bundan tashqari, “Xorazm suv taʼminoti” kompaniyasining 5ta tuman filiallari masʼullari tomonidan isteʼmolchilar tomonidan toʻlangan 380 mln soʻm mablagʻlar bank hisob raqamlariga oʻtkazilmasdan oʻzlashtirilgani aniqlangan. Ikkala holat boʻyicha ham jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.