Abduqodir Husanov yana bir rekord o‘rnatdi


Abduqodir Husanov O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov mamlakat tarixidagi eng qimmat futbolchi bo‘ldi.
Yangilangan ma’lumotlarga asosan, “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi 35 million yevro qiymatiga ega bo‘ldi. Bu uning avvalgi narxidan 23 million yevro ko‘proqdir.
Futbolchining bozor qiymatining oshishi Abduqodir Husanovning yuqori transfer summasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, “Manchester Siti” sportchini 40 million yevroga o‘z safiga qo‘shib oldi, yana 10 million yevroni jamoa bonus sifatida olishi mumkin.
Bundan tashqari, bu futbolchining jamoa va yangi ligaga tez moslashgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki APL Fransiya 1-ligasiga qaraganda murakkabroq va shiddatliroq chempionat hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, sportda umuman olganda kuchli va ayni paytda tezkor markaziy himoyachilarga bo‘lgan talab ortgan. Bu Abduqodir Husanovga to‘p yo‘qotilgan holatlarda tezda himoyaga qaytish imkonini beradi.
Shunday qilib, sportchi 2021-yilda 14 million yevroga baholangan Eldor Shomurodovning rekordini yangilab, mamlakat tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi.