Ayrim fuqarolarga poyezd va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi
Undan oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz va nogironligi boʻlgan shaxslar borish-qaytish chiptalari uchun bir yilda bir marta foydalanishlari mumkin.
4-oktyabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan ayrim fuqarolarga temir yoʻl transporti yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul chiptalar bir yilda faqat bir marta beriladi.
Bu poyezd yoki shaharlararo avtobus harakati uchun amal qilib, borish va qaytish uchun bepul chipta olishda istalgan transport turidan foydalanilishi mumkin. Ularni kuzatib borayotgan bir nafar fuqaroga ham borish-qaytish uchun bepul chipta olish imkoni beriladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yolgʻiz va yolgʻiz yashovchi qariyalar hamda birovning parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslar reyestrini yuritadi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning vakolatli boʻlinmalari, avtovokzallar mansabdor shaxslariga bir oy ichida mazkur reyestrdan foydalanish imkoniyati ochiladi. Bepul temir yoʻl yoki shaharlararo avtobus chiptalari reyestr asosida beriladi.