O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida ikki o‘rin yuqoriladi


JCH–2026 saralash bosqichining so‘nggi turida Qatar ustidan qo‘lga kiritilgan yirik g‘alaba O‘zbekiston terma jamoasiga FIFA reytingida oldinga siljash imkonini berdi. Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan bellashuvda 3:0 hisobidagi g‘alaba orqali jamoamiz reytingda 13,40 ochkoga ega chiqdi.
Yig‘ilgan ochkolar soni 1449.12 ga yetgan O‘zbekiston terma jamoasi umumiy reytingda 57-o‘rindan 55-pog‘onaga ko‘tarildi. Temur Kapadze shogirdlari Osiyo saralovchi jamoalari orasida ham 6-o‘rinni egallab turibdi.
Qatar termasi uchun esa bu mag‘lubiyat salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular 13,40 ball yo‘qotib, reytingda 1459.85 ochko bilan 53-o‘ringa tushib ketdi. Ma’lumot uchun, ular avvalroq Eron ustidan erishilgan g‘alabadan so‘ng 50-pog‘onaga chiqqan edi.
Osiyodagi eng kuchli terma jamoalar reytingida Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya uchligini saqlab turibdi. Shuningdek, Avstraliya reytingda ikkita o‘ringa yuqorilab, to‘rtinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Qatarni ortda qoldirib, oltinchi pog‘onaga chiqdi.
Ta’kidlash joiz, FIFAning rasmiy reytingi 10-iyun kuni e’lon qilinadi. Hozirda esa yuqoridagi ma’lumotlar onlayn hisob-kitoblar asosida shakllantirilgan bo‘lib, yakuniy natijalar biroz farq qilishi ehtimoldan xoli emas.