“Garri Potter” serialida Malfoy va boshqa Xogvarts o‘quvchilari rollarini kimlar ijro etishi ma’lum qilindi


HBO kompaniyasi “Garri Potter” hikoyasiga asoslangan yangi serialda Drako Malfoy va uning otasi Lyutsius obrazlarini kimlar gavdalantirishi haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Drako Malfoy rolini yosh aktyor Loks Pratt ijro etadi. Uning otasi — Lyutsius Malfoy obrazida esa britaniyalik aktyor va musiqachi Jonni Flinn chiqadi. Flinn ilgari “Emma” (2020) filmida va Entoni Hopkins ishtirok etgan “Yagona hayot” kartinasida ijro etgan rollari bilan tomoshabinlarga tanish.
Shuningdek, Xogvarts maktabidagi ayrim o‘quvchilarning rollarini kimlar ijro etishi ham oshkor etildi. Sheymas Finnigan rolini Leo Erli, Parvati Patil obrazini Alessiya Leoni, Lavanda Braun rolini esa Sienna Musa o‘ynaydi.

Variety nashrining yozishicha, Dursleylar oilasida Vernon rolini Bel Pauli, Petuniya obrazini esa Deniyel Rigbi gavdalantiradi. Ammo Dadli Durslining rolini kim bajarishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Telecom TV xizmatidan 7 kun bepul foydalaning.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq harakatni boshlang!

Avvalroq asosiy uch qahramon — Garri, Germiona va Ron obrazlarini ijro etadigan aktyorlar nomi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, Garri Potter rolini 11 yoshli Dominik MakLoklin, Germiona Greynjer obrazini 11 yoshli Arabella Stenton, Ron Uizli rolini esa 12 yoshli Alaster Staut o‘ynaydi.
Yangi serial uchun aktyorlar ochiq kasting orqali saralangan bo‘lib, bu jarayonda 30 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan. Serial ustida ishlash haqida Warner Bros. va HBO ilk bor 2023-yilning aprelida ma’lum qilgan edi. Loyiha mashhur yozuvchi J.K. Roulingning “Garri Potter” kitoblariga asoslangan bo‘lib, har bir mavsumda kitoblarning bitta qismi yoritiladi.