РУ
O’Z
UZS
/
/
“Haqiqiy zigʻir osh uchun Samarqandga borish shart emas”. Plov City restoraniga sharh
27.11.2024 (yangilandi 27.11.2024)

“Haqiqiy zigʻir osh uchun Samarqandga borish shart emas”. Plov City restoraniga sharh

“Haqiqiy zigʻir osh uchun Samarqandga borish shart emas”. Plov City restoraniga sharh

Avvallari Toshkent non shahri deyishardi, hozir poytaxt tom maʼnoda osh shahriga aylanib ulgurdi. Bu yerda istalgan hududning istalgan turdagi palovini juda osonlik bilan topish mumkin.

“Taom” boʻlimi ijodkorlari bu gal Yashnobod tumanidagi Parkent bozoriga yaqin joylashgan Plov City majmuasida boʻlib, turli oshlardan taʼtib koʻrdi.

Ovqat bilan birgalikda restoranning joylashuvi, gavjumligi, servis sifati va haroratiga ham alohida baho berdik. Ushbu maqola foydali boʻladi degan umiddamiz.

Oʻzgacha yondashuv

Plov City xoʻrandalarga uch turdagi osh: toʻy, choyxona va zigʻir oshlarni taklif qiladi. Kiraverishdagi reklama peshlavhalarida bu taomlarga turlicha taʼrif berilgan.

Jumladan, toʻy oyi toʻy boʻlmagan istalgan kunda yeyiladigan, choyxona esa choyxonachi akalar uchun, zigʻir osh boʻlsa, Samarqandga borish shart boʻlmagan zoʻr palov sifatida koʻrsatilgan.

Albatta, bu yondashuv muallif sifatida bizni quvontirdi. Ofitsiantlar ham milliylik ramzi hisoblangan doʻppi va atlas matodan ishlangan aksessuarlar taqib olgan, bu albatta ham koʻzni quvnatadi, ham oʻzlikdan faxrlantiradi.

Taomlar mazasi

Ochigʻini aytish kerak, tushlik yoki kechlik vaqtida biror ovqatga baho berish bu juda katta xatodir. Shunday boʻlsada, biz oʻquvchilarimiz uchun adekvat baho tayyorlashga harakat qilamiz.

Dasturxonga choyxona va zigʻir oshlar buyurtma berildi. Ikkala palovda ham oʻziga xos taʼm bor. Ayniqsa, choyxona palov (39 ming soʻm) maromiga yetkazib tayyorlangan. Oshda biroz achchiq va yoqimli taʼm bor edi.

Ammo zigʻir osh (37 ming soʻm) haqida bunday deyish qiyin. Samarqand oshda yogʻ miqdori koʻp, guruchlar esa negadir deyarli oppoq. Sabzini ham deyarli topa olmadik. Bu oshga 6/10 ball berishga qaror qildik.

Xizmat koʻrsatish sifati

Yuqorida taʼkidlanganidek, restoranda ofitsiantlar milliy liboslardan keng foydalanadi. Umuman olganda, xizmat sifati yaxshi. Tezkor va aniqlik bilan buyurtmalar olib kelinadi.

Faqatgina zigʻir oshi nisbatan kech keldi. Bu orada sheriklarimiz kutib qolgani uchun choyxona palov ham sovib qoldi deb oʻylagandik. Ammo aksi boʻlib chiqdi: yangi kelgan Samarqand osh iliq, choyxona esa issiq edi.

Joylashuv

Plov City osh markazining Toshkent shahrida ikkita filiali bor. Birinchisi Yashnobod tumani Parkent bozori chorrahasida, ikkinchisi esa Uchtepa tumanidagi Farhod toʻyxonasi oldida.

Umuman olganda, ikkala filial ham odamlar doim gavjum boʻladigan joyda joylashgan. Mashinalar tiqilinch turgani ham buni koʻrsatmoqda. Agar imkon boʻlsa, avtoturargoh muammosi hal etilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

Buyurtma berish

Zamonaviy dunyoda buyurtma xizmatisiz ishlaydigan oziq-ovqat biznesini uchratish qiyin boʻlib qoldi. Xuddi shunday, Plov Cityʼda ham yetkazma xizmati mavjud.

Ushbu Telegram bot orqali uyingizdan chiqmasdan turib, mazali va toʻyimli oshlarga buyurtma berishingiz mumkin. Yetkazib berish xizmati narxi esa 12 ming soʻmni tashkil qiladi.