G‘ulomjon Yoqubov hamkasblari haqida jiddiy fikr bildirdi


Xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov o‘zining tashqi ko‘rinishiga e‘tibor qaratishi bilan ajralib turadi. U doimiy ravishda to‘y va konsertlarda nafaqat sahnadagi chiqishiga, balki kiyinish uslubiga ham alohida ahamiyat beradi. San‘atkor omma oldida o‘zini tutish odobi va tadbirlarga mayka hamda shortikda keladigan qo‘shiqchilar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning ta‘kidlashicha, ba‘zi san‘atkorlar to‘ylarga sport kiyimida yoki oddiy uy kiyimida kelishadi. Holbuki, insonlar hayotida kamdan-kam bo‘ladigan to‘y marosimlariga alohida tayyorgarlik ko‘radi, o‘zining eng chiroyli liboslarini kiyishga harakat qiladi. Mehmonlar ham ushbu tadbirga munosib tarzda kiyinib kelishadi.
Shu boisdan, san‘atkorlarning ham bunday tadbirlarga ehtirom bilan yondashib, o‘z tashqi ko‘rinishiga e‘tibor berishi muhim ekanligi ta‘kidlanadi. U oddiy kiyim yoki maykada sahnaga chiqish tomoshabinlarning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etib, bu ayniqsa katta yoshli auditoriya uchun yoqimsiz ko‘rinishi mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, Yoqubov sahnaga chiqish madaniyati haqida gapirar ekan, san‘atkorning libosi va imiji ham muhim ekanligini ta‘kidlab o‘tdi. U har yili yangi kostyum kiyishga harakat qilishi, hatto qo‘shiq mavzusiga mos keladigan kiyimlarni maxsus izlab topib yoki tiktirib tayyorlashi haqida gapirdi. San‘atkor sahnaga hurmat bilan yondashishi lozimligini va bu borada yosh avlod ham o‘ziga tegishli xulosa chiqarishi kerakligini bildirdi.