Hafta insoni: Taniqli reper Dalimjanov
“Hafta insoni” ruknining bu safargi mehmoni — mashhur reper va bastakor Shahboz Dalimjanov. Biz ijrochi bilan sanʼat sohasidagi faoliyati, rep janrining oʻziga xosliklari va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.
Reperlik ijod yoʻliga kirishga sizni nima undadi va ilk qoʻshigʻingizni qanday eslaysiz?
Ijodkorlar oilasida tugʻilganman. Onam aktrisa, otam sanʼat institutida dars berganlar. Akam ham musiqa maktabini tugatgan va hozirda prodyuser-musiqachi.vMen kichkinaligimda ijod qilishni xohlamaganman, faqat futbolni yaxshi koʻrganman va shu sport turi bilan faol shugʻullanganman. Keyinchalik, qonda boʻlgani uchun, bu narsa oʻz-oʻzidan boʻlib ketdi.
Oʻn yetti yoshimdan qoʻshiq aytishni boshladim. Birinchi qoʻshigʻimni oʻn yetti yoshimda chiqardim. “Somsa” qoʻshigʻi ichidan bir qism TikTokʼka chiqarildi. Agar adashmasam, 2021-yil edi, u vaqtda TikTok mashhurlikka erishayotgandi va shu bois qoʻshigʻim ham mashhurlikka erishgan.
Xoʻsh, bu qoʻshiq tresh boʻlganmi? Oʻzim shuni bilib, tushunib qilganman. Uni yaxshigina tarmoqlarda aylanib, shovqin koʻtargim kelgan. Oʻshaning uchun shunga oʻxshash treklar yaratganman. Bunday obraz odamlarga yangilik boʻlgani uchun tezda ommalashgan. Koʻpchilik shu trekdan keyin meni koʻchada tanib qola boshladi.
Oʻz ijodingizda qanday shaxsiy tajribalarni aks ettirishga harakat qilasiz?
Asosan yoshlarga, oʻzim tengilarga, mendan kichkinalarga motivatsiya berishga, oʻzim koʻrayotgan narsalarni baham koʻrishga harakat qilaman. Ularni toʻxtamasligiga motivatsiya berishga, asosan shuni targʻib qilaman.
Sizga ijodiy ilhom manbai nima boʻladi? Kimlar sizni qoʻllab-quvvatlaydi?
Albatta, yaqinlarim qoʻllab-quvvatlaydi. Oila aʼzolarim doim boshlangan vaqtimdan buyon ijodda emas, nima ish qilsam, qoʻllab-quvvatlab kelishgan. Ilhom manbayim ham yaqinlarim va atrofimdagi yaqin insonlar.
Qaysi ijrochilar sizni ilhomlantiradi? Kimlarni eng koʻp tinglaysiz va nima uchun?
Men har xil musiqa eshitaman, faqat rep emas. Har xil klassikani ham eshita olaman, yangi janrlarni ham. Rurep (rus tilida ijod qiladigan reperlar) eshitaman, chunki baribir ularni eshitib boshlaganman. Men yoqtirib tinglaydigan ijodkorlar: Big Baby Tape, Kizaru, shuningdek, ayni paytda mashhurlik choʻqqisida boʻlgan Friyendly Thug va AllBlack.
Ayni paytda qiziqishim yoʻnalishi biroz oʻzgargan, nemischa rep va musiqalar tinglay boshlaganman. Bundan tashqari, turkcha replarni ham koʻp tinglayman. Qisqa qilib aytganda, melomanman va janrdan qatʼi nazar musiqa hamda ijro yoqsa, tinglab ketaveraman.
Musiqiy karyerangizda erishmoqchi boʻlgan eng katta maqsadingiz qanday?
Albatta, eng katta maqsadim, boshidan belgilaganimdek, oʻzbek repini ozgina emas, balki keng miqyoda dunyoga olib chiqishdan iborat. Shu yoʻlda harakat qilaman va davom etaman. Maqsadim oʻzbek repini yanada rivojlantirish, keng ommaga olib chiqish va chet ellardagi mashhur ijodkorlar bilan oʻzbek tilida duetlar yozishdir.