JCH uchun yoʻllanma. Oʻzbekiston muhim oʻyinda Qatarga magʻlub boʻldi
JCH-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 5-turi doirasida Oʻzbekiston milliy jamoasi Qatar bilan oʻyinda alamli magʻlubiyatga uchradi.
Qatar poytaxti Doha shahridagi Jassim Bin Hamad stadioni 14-noyabr kuni JCH-2026 saralash bosqichidagi muhim oʻyinga mezbonlik qildi.
Unda Oʻzbekiston terma jamoasi Qatarga qarshi bahs olib bordi. Birinchi taymda Qatarning yaqqol ustunligi sezildi, bu hisobda ham aks etdi — 2:0.
Ikkinchi boʻlimda esa yigitlarimiz jamoaviy hujumni namoyish etib, Abbosbek Fayzullayevga imkoniyatlar yaratib berishdi. Natijada Abbos hisobni tenglashtirdi.
Oʻzbekiston tomonidan toʻliq nazorat qilingan taymda toʻxtalishlar juda koʻp boʻldi. Jaloliddin Masharipov simulyatsiya uchun sariq kartochka ham ishlab oldi.
90+12-daqiqada himoyada fol ishlatilgani uchun Oʻzbekiston darvozasi tomoni jarima zarbasi belgilandi. Akram Afif tomonidan tepilgan toʻpni Lukas Mendes darvozaga joylab qoʻydi.
Yakuniy natija esa 3:2 koʻrinishida boʻldi. Hakam shundan soʻng darhol oʻyin yakunlanganini eʼlon qildi. Shu tariqa Oʻzbekiston termasi mehmonda muhim 3 ochkoni yoʻqotdi.
Oʻyinning birinchi davrasida jamoamiz sardori Eldor Shomurodov oyogʻidagi eski jarohati sababli maydonni tark etdi. Shuningdek, Otabek Shukurov ham oyogʻidan zarb yegani bois maydonda nofaol harakatlandi.
Ayni paytda Oʻzbekiston guruhda ikkinchi oʻrinda bormoqda. Birinchi tur yakuniga koʻra, biz eng yaqin taʼqibchilarimizdan 3 ochko oldindamiz. Endi hammasi javob uchrashuvlaridagi harakatga bogʻliq.