Keyingi 3 yilda dollar kursi qanday boʻladi? – prognozlar
Oʻzbekiston tomoni AQSH dollarining soʻmga nisbatan oʻrtacha yillik qiymati 2027-yilda 14 150 soʻm boʻlishini, S&P xalqaro reyting agentligi esa 15 000 soʻmga yetishini prognoz qilyapti.
Oʻzbekiston Markaziy banki 17-dekabr kungi savdolar uchun 1 AQSH dollarining soʻmga nisbatan kursini 12 874 soʻm etib belgiladi. Yil boshidan buyon soʻmning Amerika valyutasiga nisbatan qadrsizlanishi 4,4 foizni tashkil etyapti.
2025-yilgi davlat byudjeti parametrlarida dollar kursi oʻrtacha yillik 13 250 soʻmdan hisoblangan. Bu koʻrsatkich 2026-yilda 13 725 soʻm, 2027-yilda 14 150 soʻm boʻlishi prognoz qilinyapti.
S&P xalqaro reyting agentligiga koʻra, oʻzbek soʻmining dollarga nisbatan oʻrtacha kursi keyingi yillar davomida quyidagicha boʻlishi mumkin.
- 2025-yilning oxirida – 13 650 soʻm;
- 2026-yilning oxirida – 14 300 soʻm;
- 2027-yilning oxirida – 15 000 soʻm.
Soʻmning dollarga nisbatan kursini aniq prognoz qilish juda murakkab, chunki bu koʻplab omillarga bogʻliq. Xususan, Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish yaxshi boʻlsa, soʻmning dollarga nisbatan qadrsizlanishi sekinlashadi. Aksincha, mamlakatda inflyatsiya darajasi oshib ketsa, soʻmning qadri pasayadi. Tashqi savdoda eksport-import balansi ham milliy valyuta qiymatining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.