Fayzullayev Shomurodov ortidan Turkiyaga boradimi?


So‘nggi kunlarda Turkiya Superligasidan kelayotgan xabarlar o‘zbekistonlik futbol muxlislarining diqqat markazida bo‘lib turibdi. Xususan, "Istanbul Bashakshehir" klubi milliy terma jamoamiz etakchi hujumchisi Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha "Roma" bilan muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, klub mutasaddilari rimliklar bilan shartnoma shartlarini kelishib olish arafasida. Agar barchasi muvaffaqiyatli yakunlansa, Eldor "Istanbul Bashakshehir" bilan 2028-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Bu o‘zbek yulduzining Turkiyadagi faoliyatida yangi sahifa ochishi kutilmoqda.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!

Shu bilan birga, taniqli turk jurnalisti Ertan Suzgun yana bir qiziqarli ma’lumotni oshkor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Istanbul" yana bir o‘zbekistonlik futbolchi - yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev transferi masalasida muhim bosqichga chiqdi.
Avvalroq, ushbu jurnalist "Istanbul" Fayzullayev masalasida Rossiyaning SSKA klubiga rasman murojaat qilgani haqida xabar bergan edi. Endi muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanish ehtimoli yanada ortadi. Hozircha taklif etilayotgan shartnoma muddati haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, biroq ishonchli manbalarning ta’kidlashicha, kelishuv juda jiddiy tus olmoqda.
Ma’lumki, Abbosbek Fayzullaev ayni damda Rossiya premer-ligasining etakchi jamoalaridan biri — SSKA safida muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Germaniyaning Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Fayzullayevning bozor narxi 8 million yevroga baholanmoqda.
Uning texnik mahorati, universal o‘yin uslubi va maydondagi aqlli harakatlari nafaqat SSKA, balki boshqa klublar murabbiylarining ham e’tiborini tortdi.