Kim Kardashyan: oldin va keyingi suratlari, farzandlari, uslub va plastikasi. Qanday qilib u AQShda eng mashhur ayolga aylandi?
Kim Kardashyan - amerikalik oqsuyak ofatijon ayol, tadbirkor va "Kardashyanlar oilasi" shousining yulduzi. AQShning bosh it-girl fenomeniga oydinlik kiritishga jazm etdik va qanday qilib Peris Hilton yordamchisi va Juicy Couture liboslari ishqibozi bo‘lgan Kardashyan butun dunyo uchun uslub ma’budasiga aylangani haqida so‘zlab berdik.
Kim Kardashyan: tarjimai holi
Tavallud sanasi: 1980-yil 21-oktyabr
Burj belgisi: Tarozi
Tug‘ilgan joyi: Los-Anjeles
Oilaviy ahvoli: turmushga chiqmagan
Vazni: 58 kg
Bo‘yi: 158 sm
Kardashyan badavlat va taniqli oilada tug‘ilgan. Uning ota-onasi prodyuser Kris Jenner va mashhur futbolchi O’Jey Simpsonni sudda himoya qilgan advokat Robert Kardashyan (o‘sha paytda u rafiqasi va uning o‘ynashini o‘ldirishda ayblangan edi) bo‘ladi. Dalillarning ko‘pligiga qaramay, sportchi oqlanadi va garovga qo‘yib yuboriladi, Kardashyan esa eng yaxshi yulduzlar yuristi deb tan olinadi.
Kimning Kortni, Xloyi, Kayli va Kendall ismli opa-singillari hamda Robert ismli ukasi bor - ular ham barchasi mashhur insonlar. 1991-yil mart oyida Kimberlining ota-onasi ajrashadi. Bir oy o‘tgach, onasi Kris Jenner yana turmushga chiqadi - bu safar Olimpiya chempioni Bryus Jenner bilan oila quradi. Yillar o‘tib, Bryus jinsini o‘zgartiradi va o‘ziga Keytlin Jenner ismini oladi.
Kim Kardashyan: qanday qilib mashhurlikka erishdi
Maktab davrida Kardashyan jinsi shim kiygan, adidas krossovkasida va sochlariga to‘g‘nag‘ich taqqan oddiy o‘smir qiz bo‘lgan. Dugonalarining eslashicha, o‘sha paytdayoq qiz o‘zining qomati tufayli qiynalgan va parhezda o‘tirgan, shuningdek, rinoplastika qilish haqida o‘ylagan.
2000-yillarning boshlarida butun dunyo Kimni tanib qoldi, to‘g‘ri dastlab uni masxara qilishdi. Gap shundaki, qiz “Xilton” mehmonxonalarining merosxo‘ri Peris Xiltonning shaxsiy yordamchisiga aylandi va 3 yil davomida mallasoch ayol qo‘lida ishladi! Lekin bu lavozim unga shon-shuhrat keltirdi va tanish-bilish orttirdi, chunki Peris sayyoradagi eng mashhur qiz bo‘lib, uni faqat eng boy va mashhurlargina qurshagan edi.
2005-yilda esa xonim Kimga iltifot ko‘rsatib, hatto uni eng yaxshi dugonam, deb atadi. Ana o‘shanda Kardashyan hayotida bazmlar, ajoyib yaxtalarda dam olish, mashhur tadbirlarga borish davri boshlandi. Ammo bu unga kamlik qildi - Kardashyan Xiltonni soyasida qoldirgancha 1-raqamga aylanishni xohlardi.
“Kardashyanlar oilasi”
Kardashyanlar oilasi hayoti haqidagi realiti-shou 2007-yil oktyabr oyida televideniyeda boshlangan va darhol keng tomoshabinlar ommasini to‘plagan edi. Unda asosiy yulduz Kim bo‘lgan - bu tizerlardan ham, posterlardan ham, uning xatti-harakatlaridan ham tushunarli edi. Realiti premyerasiga qiz o‘yiqli qizil ko‘ylak, javohir zirak va Jimmy Choo oyoq kiyimida keladi. Keyinchalik Kim bunday ochiq qiyofasidan uyalayotganini tan olgan.
Kim o‘z uslubini izlashga tushadi va bu davrda barcha tabloidlar yozganidek, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yаdi. U qoplonga o‘xshash kalta ko‘ylak, labuten kiyib yurar, uydan bir qarich pardoz-andozsiz va burama sochlarisiz chiqmas edi. Va bu 2011-yilgacha, toki butun hayotidagi muhabbati - Kanye Uestni uchratmagunicha davom etadi.
Shaxsiy hayoti
Repper Kanye Uest Kardashyanning hayotiga shiddat bilan kirib keldi va ungacha bo‘lgan hamma narsani unutishga majbur qildi. U yerda esa eslashga arzigulik narsalar bor edi: masalan, yulduzning ikkita nikohi. Kardashyanning birinchi eri prodyuser Deymon Tomas, ikkinchisi esa basketbolchi Kris Xamfris edi. Kris bilan nikohi bor-yo‘g‘i 72 kun davom etdi!
Bu yerda esa hammaga o‘xshamaydigan, badavlat, mashhur va oshiq-u beqaror Kanye. Kardashyan va Uest 2 yil uchrashib yurishdi va 2014-yilda hashamatli to‘y qilishdi. To‘y oldi oqshom dasturxoni Versal saroyida o‘tkazildi, mehrobga esa realiti yulduzi turmush o‘rtog‘i tanlagan Givenchy kutyur ko‘ylagida keldi. Kim har doim uning uslubi Uestning xizmati ekanligini tan oladi.
Munosabatlarining boshida Kanye unga: “Men sening uslubching bo‘lishni xohlayman” - degan edi, ammo oradan bir necha yil o‘tgach, u Kimni o‘ziga noqulay bo‘lganligi uchun ham kiyintirganini ochiqchasiga ma’lum qildi.
Reperning o‘ziga xos didini ta’kidlamaslikning iloji yo‘q, chunki uning yonida Kim gullab-yashnadi va minimalistik qiyofasi, qat’iy soch turmagi va ko‘zlarga urg‘u berilgan pardozi bilan o‘zining eng yaxshi ko‘rinishiga ega bo‘ldi.
“Men doim uning xayolotiga ishonganman. U tez-tez yonimga kelib, yaqin orada bu urfga aylanishini bilaman, derdi”.
Kim jahon miqyosidagi moda ma’budasiga aylanishdan oldin (turmush o‘rtog‘ining yordami bilan) eng kuchli dizaynerlar bilan tanishdi. Ulardan biri - Kanye va Irina Sheykning eng yaqin do‘sti Rikkardo Tishi edi.
Kimning birinchi mashhur qiyofasi esa Met Gala - 2013 ko‘rgazmasida chiqqan guldor ko‘ylagi bo‘ldi. Darvoqe, o‘sha paytda u homilador edi.
Kim Kardashyan: farzandlari
Kim Kardashyan va Kanye Uestning to‘rt farzandi bor.
Yulduzlarning birinchi farzandi Nort Uest bo‘lib, u 2013-yilda, ota-onasining to‘yiga qadar tug‘ilgan.
Keyin Kardashyan yana o‘g‘il farzand ko‘rdi, ular chaqaloqni Sent yoki Avliyo deb atashdi. 2018-yilda Kardashyan va Uest yana ota-ona bo‘lishdi. Yana bir qizaloq - Chikago Noel tug‘ildi. Ammo uni surrogat ona dunyoga keltirdi. Bu sog‘lig‘idagi muammolardan shikoyat qilayotgan Kimning qarori bo‘lib, u ortiqcha vazn bilan kurashishni xohlamadi. Bir yildan so‘ng yana bir o‘g‘il, Saam Uest ham surrogat onadan dunyoga keldi.
Kim Kardashyan va Kanye Uest ajrashuvi
2021-yilda Kanye Uest va Kim Kardashyanning 6 yillik birgalikdagi nikohdan so‘ng ajrashmoqchi ekanliklari haqidagi xabar butun dunyoni larzaga soldi. O‘shanda Kim reperdan Kalabasasdagi (60 million dollarlik) uyni, shuningdek, bolalari o‘zi bilan qolishiga ruxsat berishini talab qiladi.
Uzoq va mashaqqatli muzokaralar natijasida Uest kompensatsiya sifatida 20 million dollarlik chekli qarshi talabi bilan uyni berishga rozi bo‘ladi.
2022-yilning bahorida Kim va Kanye rasman ajrashishadi, ammo ajralish jarayoni faqat kuzning oxirlaridagina yakunlandi. Sobiq er-xotin bolalarga birgalikdagi vasiylikni olishadi, Uestga esa Kardashyanga oyiga 200 ming dollar to‘lash, shuningdek, farzandlari xarajatlarining 50 foizini o‘z zimmasiga olish majburiyati yuklatiladi.
Vaqt o‘tib, Kanye bolalariga yaqinroq bo‘lish va bir necha yil davomida unutolmagan Kimdan ko‘z-quloq bo‘lib turish maqsadida Kimga qarama-qarshidagi uyni sotib oladi. Kim esa yashashni davom ettirishga qaror qildi va yangi, yosh sevgilisini topadi.
Kim Kardashyan va Pit Devidson
Kardashyan bilan komik va maftunkor Devidson o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar portlagan bombaga o‘xshash taassurot qoldirdi. Matbuotning butun e’tibori Kim - mash’um ayol, Kanye - azoblanayotgan er, Pit esa yugurdak boladan iborat yulduzlar uchburchagiga qaratildi. Kanye bundan shu qadar g‘azab otiga mindiki, hatto qo‘shiqlaridan birida Devidsonga jismoniy jazo berish bilan ham tahdid qildi.
Kim va Pitning baxti uzoqqa bormadi, ammo bu vaqt ichida ular bir nechta ajoyib chiqishlarni amalga oshirishdi. Eng esda qolarlisi - Met Galada bo‘lib, u yerda Kardashyan Merilin Monro libosida chiqdi. Buning uchun u 2 hafta ichida 7 kg ozishga majbur bo‘ldi.
Kim Kardashian: liboslar brendi, yutuqlari va boyligi
Kim Kardashyan uchun 2021-yil nafaqat ajrimlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar, balki professional g‘alabalarga ham boy yil bo‘ldi.
U Balenciaga yuziga aylandi. Demna Gvasaliya liboslarida yulduz aynan mana shu Met Galada va Amerikaning Saturday Night Live asosiy tomoshasida paydo bo‘ldi. Bunga yana turli mamlakatlar uchun sakkizta Vogue jurnali muqovasini ham qo‘shing!
Bunday muvaffaqiyat unga ishonch bag‘ishladi va yulduz o‘zining azaliy orzusi: o‘zining xususiy liboslar brendini ishga tushirishga qaror qildi. Hammasi korreksiyalovchi kiyimlarni ishga tushirish e’lonidan boshlandi. Kimni qiyiqli yubka ostidan kiyish uchun qaychi bilan qirqilgan legginslar ilhomlantirdi. Shu paytgacha Kardashyanning har bir keyingi yo‘nalishi o‘zi duch kelgan muammolarning yechimiga aylandi. Shunday qilib, tadbirkor o‘z majmualari va moda xatolaridan pul ishlashni o‘rgandi.
2021-yilda Kardashyanning boyligi 1 milliard dollarga yetdi - bularning hammasi uning KKW Beauty brendi, realiti-shousi, Instagramdagi reklamasi va Skims ichki kiyim brendi tufaylidir.
2024-yil uchun Kardashyanning boyligi Forbes tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 1,7 milliard dollarga baholangan.
Kim Kardashyan: oldin va keyin suratlari
Agar Kardashyan plastikasi haqida gapiradigan bo‘lsak, u bir necha bor rinoplastika, ko‘krak va dumbalarni kattalashtirish, shuningdek, liposaksiyani amalga oshirgan deb hisoblashadi. Bu botoks, plazmolifting va yuzning konturli plastikasi inyeksiyalaridan tashqari. Agar Kardashyanning avval va keyin tushgan suratlariga nazar tashlasangiz, uning bu ishlarni qilganligi ma’lum bo‘ladi.
Bundan tashqari, Kimberli botoks ukollarini yashirmaydi va hatto ular haqida xuddi liposaksiya haqidagi kabi ochiq gapiradi. Ammo ko‘krak va dumbalarini hozirgacha ham tabiat in’omi, deb biladi va ularni kattalashtirganini inkor qiladi.
Yuqori mavqei va mashhurligiga qaramasdan, Kim sog‘lig‘idagi muammolarini yashirmaydi - bu psoriaz va artrit hisoblanadi. Shuningdek, Kim Kardashyanni Instagram sahifasida pardozsiz va retushlarsiz suratlarini ko‘rish mumkin. Yoshi ulg‘aygan sari uning o‘zini qabul qilishi har holda tabiiyligi kishini xursand qiladi.