“Muzlik davri 6”ning chiqish sanasi ma’lum bo‘ldi


Orlandoda o‘tkazilgan Destination D23 tadbirida Disney prodyuserlari “Muzlik davri: Qaynash nuqtasi” multfilmining chiqish sanasini e’lon qilishdi. Premyera 2027-yil 5-fevralga mo‘ljallangan. Multfilmning bosh qahramonlari yana mamont Manni, dangasa Sid, qilich tishli yo‘lbars Diego, mamont Elli va olmaxon Skrat bo‘ladi.
Rasmiy tanishtiruvga ko‘ra, qahramonlarni “dinozavrlar va lavalar bilan to‘la” yangi hayajonli sarguzashtlar kutmoqda. Personajlar Yo‘qolgan dunyoning uzoq burchagiga tushib qolishadi.
Ovoz beruvchi aktyorlarning avvalgi jamoasi ham loyihaga qaytadi, ular orasida Saymon Pegg, Rey Romano, Jon Leguizamo, Kuin Latifa va Deni Liri bor.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Disney 20th Century Fox bilan birlashdi va shu bilan birga 2002-yildan beri mavjud bo‘lgan “Muzlik davri” franshizasi huquqlarini qo‘lga kiritdi. Multfilmning so‘nggi qismi 2016-yilda ekranlarga chiqarilgan edi.