JCH-saralash. Oʻzbekiston KXDR bilan oʻta muhim oʻyin oʻtkazadi — prevyu
Bugun, 19-noyabr kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Laosda KXDRga qarshi maydonga tushadi. Bu oʻyin 2026-yilda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati saralashi uchinchi bosqichining 6-turi doirasida oʻtkaziladi.
Ushbu uchrashuvda intriga yetarlicha. Bir tomonda Qatarga qarshi uchrashuvda magʻlub boʻlgan Oʻzbekiston, ikkinchi tomonda esa Eron bilan oʻyinda sensatsiya koʻrsatishiga bir bahya qolgan Shimoliy Koreya.
Jamoalar oʻyinga qanday holatda yetib kelmoqda?
Soʻnggi saralash siklining beshinchi turida Oʻzbekiston ham, KXDR ham magʻlub boʻldi. Qiziqarli tomoni, ikkala jamoa ham kambekka juda yaqin kelgandi. Oʻzbekiston terma jamoasi Qatarga qarshi oʻyinning birinchi boʻlimida ikkita gol oʻtkazib yubordi. Ikkinchi boʻlimda esa vaziyatni oʻnglab, hisobni tenglashtirdi. Ammo soʻnggi daqiqada uchinchi golni oʻtkazib yubordi va magʻlub boʻldi.
Shimoliy Koreya esa oʻtgan turda guruh peshqadami Eronga qarshi maydonga tushdi. Jamoa birinchi boʻlimda uchta gol oʻtkazdi. Ikkinchi taymda esa eronlik futbolchiga koʻrsatilgan qizil kartochka tufayli vaziyat oʻzgardi. KXDR futbolchilari ikkita gol kiritdi va 3:2 hisobida magʻlub boʻldi. Yaratilgan oʻnlab imkoniyatlardan foydalanilganda oʻyin durang bilan ham tugashi mumkin edi.
Guruhdagi vaziyatga qaraydigan boʻlsak, Oʻzbekiston terma jamoasi oxirgi oʻyindagi magʻlubiyatga qaramay 10 ochko bilan ikkinchi oʻrinni saqlab turibdi. Taʼqibchilar BAA va Qatarda 7 tadan ochko boʻlib, 6-turda ular oʻzaro oʻyin oʻtkazadi. Bu Katanes shogirdlariga qoʻl kelishi aniq. Martgacha davom etadigan tanaffusdan oldin terma jamoa guruhdagi vaziyatni yana oʻzi uchun yaxshilab olishi mumkin.
Shimoliy Koreya 2 ochko bilan soʻnggi oʻrinda borayotganiga qaramay, kurashda qolmoqda. Jamoa kerakli oʻrinlar uchun har qanday oʻyinda jang taklif qila oladi.
Oʻzaro oʻyindagi natija
Oʻzbekiston va Shimoliy Koreya terma jamoalari ushbu saralash siklining birinchi turida, 5-sentyabr kuni Toshkentda maydonga tushgandi. Uchrashuv Srechko Katanes shogirdlarining ustunligida oʻtgan boʻlsada, 1:0 hisobidagi gʻalaba bilan cheklangan. Oʻyindagi yagona golni Jaloliddin Masharipov kiritgandi.
Bahsda Oʻzbekiston gʻalaba qozongan boʻlsada, birgina vaziyat barchasini oʻzgartirib yuborishi mumkin edi. Oʻyinning 40-daqiqasida Oʻzbekiston darvozasi tomon penalti belgilangandi. Biroz darvozabon Oʻtkir Yusupov 11 metrlik zarbani qaytargan. Bugungi uchrashuvda ham mana shunday birgina holat barchasini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bunga KXDR-Eron uchrashuvida ham guvoh boʻldik.
Guruhdagi vaziyat
Oʻzbekiston jahon chempionatlarining final bosqichida hech qachon ishtirok etmagan, ammo hozir terma jamoa mundialga yoʻllanma olishga yaqin turibdi. Material eʼlon qilinayotgan vaqtda u “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi oʻrinda, BAA va Qatardan uch ochko oldinda boʻlib turibdi. Soʻnggi turda aynan qatarliklar bilan oʻynagan oʻzbekistonliklar 2:3 hisobida alamli magʻlubiyatga uchradi. Hal qiluvchi toʻp qoʻshib berilgan daqiqalarning oʻn ikkinchisida kiritildi.
Saralash bosqichining dastlabki toʻrt turida Srechko Katanes shogirdlari KXDR (1:0), Qirgʻiziston (3:2) va BAA (1:0) termalarini magʻlub etgan, shuningdek, Eron bilan durang oʻynagandi (0:0). KXDR jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichidayoq muammolarga duch keldi, ammo yakunda oʻz kvartetida Suriya va Myanmani ortda qoldirdi. Guruhda birinchi oʻrinni Yaponiya, ikkinchi oʻrinni esa KXDR egalladi.
Hozirda shimoliy koreyaliklar guruhda oxirgi oʻrinda boʻlib turibdi. Toʻrtta oʻyinda KXDR faqat Qatar (2:2) va BAA (1:1) bilan durang oʻynab jami 2 ochko oldi. Boshqa uchrashuvlarda Sin Yon-Nam shogirdlari Oʻzbekiston (0:1), Qirgʻiziston (0:1), bir necha kun avval esa ikkinchi boʻlimni ozchilik boʻlib oʻtkazgan Eronga (2:3) imkoniyatni boy berdi.
Oʻzbekiston Qatarga magʻlub boʻlgach, Srechko Katanes boshchiligida 17 oʻyindan iborat asosiy vaqtdagi magʻlubiyatsiz seriyaga yakun yasaldi. Shimoliy Koreya terma jamoasi esa ketma-ket yetti uchrashuvdan beri gʻalaba qozona olmayapti va bu tufayli guruhda qiyin ahvolga tushib qoldi.
Milliy terma jamoa 2015-yildan buyon oʻtkazilgan soʻnggi beshta oʻyinda KXDR termasiga magʻlub boʻlmagan. Umuman olganda, raqiblar oʻzaro 11-marta toʻqnash kelgan, Oʻzbekistonda 8 gʻalaba, 2 durang va 1 magʻlubiyat. 7 ta gol oʻtkazib yuborilgan boʻlsa, 21 ta gol urilgan.
Tarkibdagi yoʻqotishlar
Oʻzbekiston terma jamoasi bugungi oʻyin oldidan bir qator yoʻqotishlarga duch keldi. Qatarga qarshi oʻyinda jamoa sardori Eldor Shomurodov jarohat oldi va KXDRga qarshi oʻyinni oʻtkazib yuborishi maʼlum boʻldi. Yarim himoyachi Otabek Shukurov oʻtgan bahsni toʻliq oʻtkazgan boʻlsada, Shimoliy Koreya bilan oʻynay olmasligi tasdiqlandi.
Hujumdagi asosiy oʻyinchi jarohat olgani boshqa futbolchilarga, masalan, Bobir Abduxoliqovga imkoniyat yaratishi mumkin. Ammo Srechko Katanesning konservativ qarashlarini hisobga olgan holda asosiy toʻqqizlik hujumchisiz tarkibni ham koʻrishimiz mumkin.
Jamoa asosiy hujumchisiz ham gol ura olishi mumkinligni namoyish etdi. Qatarga qarshi ikkala golni ham vinger Abbos Fayzulloyev kiritdi. Biroq maydon markazidagi yoʻqotish, Otabek Shukurovning jarohati oʻyin ritmini ushlashda qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
“Saralash doirasidagi barcha 10 ta uchrashuvni yoʻqotishlarsiz oʻtkazishning iloji yoʻq. Ertaga maydonga tushadigan futbolchilar oʻzini koʻrsatish vaqti keldi deb oʻylayman. Ular bu imkoniyatdan unumli foydalanishlari kerak”, — dedi Srechko Katanes oʻyindan oldingi matbuot anjumanida.
Murabbiylar fikrlari
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Qatar bilan oʻyindan soʻng futbolchilarda tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt boʻlganini, lekin ular mashgʻulot oʻtkazgan maydon sifati yaxshi emasligini qayd etib oʻtdi.
“Birinchi uchrashuvdan soʻng tayyorgarlik uchun yetarlicha vaqt boʻldi. Futbolchilarning barchasi tayyorgarlikni davom ettirishdi. Faqatgina maydon masalasida sal muammolar boʻldi. Tayyorgarlik uchun ishlatilgan maydon yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan bizni ertaga muhim uchrashuv kutib turganini yaxshi bilamiz. Ijobiy natija qayd etish uchun barcha ishni qilamiz”, — dedi u.
Katanes matbuot anjumani davomida Qatardan uchralgan magʻlubiyatni ham eslab oʻtdi. “Saralashdagi barcha uchrashuvlarni umuman yoʻqotishlarsiz oʻtkazishning iloji yoʻq. Shu sababli, ertaga maydonga tushadigan futbolchilar oʻzini koʻrsatadigan vaqt keldi deb oʻylayman. Ular bu imkoniyatdan yaxshi foydalanishlari talab etiladi”, — dedi u.
Shimoliy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Sin Yon-Nam uchrashuvda muvaffaqiyat qozonish uchun jamoa qoʻlidan kelgan barcha imkoniyatni ishga solishini taʼkidladi va buning uchun yetarlicha tayyorgarlik koʻrilganini qayd etdi. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya terma jamosida Oʻzbekistonga qarshi oʻyin uchun alohida strategiya mavjud.
“Oʻyin bilan bogʻliq barcha tayyorgarliklarni puxta bajardik. Uchrashuv davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarga moslashish juda muhim. Futbolchilarimiz oʻyinga toʻliq tayyor va yaxshi natijaga erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, — dedi u.
Matbuot anjumanida qatnashgan Shimoliy Koreya terma jamoasi hujumchisi Xan Kvan Son ham Oʻzbekiston terma jamoasi chuqur oʻrganilgani va ularga qarshi qanday oʻynash kerakligi aniqlab olinganini taʼkidladi.
“Shu sababli ertangi bahsda yaxshi natijalarga erishamiz, deb oʻylayman. Biz Oʻzbekisonga qarshi dastlabki uchrashuvda kutilgan natijaga erisholmadik. Bu muvaffaqiyatsizlik sabablarini tahlil qilib, navbatdagi oʻyin uchun chuqur tayyorgarlik koʻrdik. Eron jamoasiga qarshi bahsda yoʻl qoʻygan kamchiliklarimizni Oʻzbekiston jamoasiga qarshi bahsda takrorlamaslik uchun bor mahoratimizni ishga solamiz”, — dedi u.