Noyabr oyi uchun pensiyalar qachon toʻlab berilishi maʼlum boʻldi
Pensiyalarni plastik karta orqali oluvchi fuqarolarga mablagʻlar 5-noyabrgacha, naqd pulda oluvchilarga esa 27-noyabrgacha toʻlab berish rejalashtirilgan.
Noyabr oyi uchun pensiyalar bank kartalariga qachon tashlab berilishi maʼlum boʻldi. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jamgʻarmaning tuman (shahar) boʻlimlari har toʻlov oyining 2-kunigacha toʻlov topshiriqnoma (vedomost)lar shakllantiradi. Ular oyning 4-kunigacha pensiyani fuqarolarga yetkazib berish yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.
Qonunchilikka koʻra, toʻlovlar uchun talab etiladigan mablagʻlarni jamgʻarma tomonidan har oyning 5-sanasigacha pensiya oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga (plastik kartalarga) moliyalashtirilishi belgilangan.
Xalq banki tomonidan naqd shaklda pensiya oluvchilarning mablagʻlari tasdiqlangan grafiklar asosida sayyor kassalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda mablagʻlar har oyning 4−27 sanalarida MFYlarga borgan holda toʻlab beriladi.
Shundan kelib chiqib, pensiyalarni bank plastik karta orqali oluvchi fuqarolarga mablagʻlar 5-noyabrgacha, naqd pul shaklida oluvchilarga esa 27-noyabr sanasiga qadar toʻlab berilishi rejalashtirilgan.