Oldin va hozir: “Merlin” seriali aktyorlari 17 yil ichida qanday o‘zgardi?
Afsungar (original nomi Merlin) — Julian Jons, Jeyk Michi, Joni Keps va Julian Myorfi tomonidan ishlangan televizion serial. Loyiha BBC tomonidan ishlab chiqilgan va 2008-yil 20-sentyabrda ekranlarga chiqarilgan.
Serial afsonaviy sehrgar Merlin va Artur munosabati haqida Artur siklining afsonalariga asoslangan. Serial voqealari singari asosiy qahramonlarning obrazlari afsonaning an’anaviy versiyalaridan keskin farq qiladi. Birinchi mavsum muvaffaqqiyatidan keyin serial Amerikaning NBC kanalida namoyish etila boshlandi.
Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi fasllarning premeralari 2010-yil 11-sentyabrda, 2011-yil 1-oktyabrda va 2012-yil 6-oktyabrda bo‘lib o‘tdi. 2012-yil 26-noyabrda beshinchi mavsum bilan ushbu serial yakunlanadi deb e’lon qilindi.
Kolin Morgan (Merlin) BBC tomonidan ishlanadigan teleseriallarda faol ishtirok etadi. U 2023-yilda “O‘lim o‘qi” filmida bosh rolni ijro etdi. Aktyor 2025-yilda “Faqat bir kecha” deb nomlangan kartinada Erl Klensi qahramonini gavdalantiradi.
Serialda qirollikning yangi hukmdori rolini ijro etgan Bredli Jeyms (Artur Pendragon) “Arsenal” futbol klubining ashaddiy ishqibozi hisoblanadi. U 2023-yilda Netflix tomonidan ishlangan “Vikinglar: Valhalla” deb nomlangan serialda norvegiyalik fermer Harekr obrazini gavdalantirdi.
XXI asrning eng latofatli aktrisalari qatorida tilga olinuvchi Keti Makgrat (Morgana) kinoda ham, hayotda ham omadi chopgan ayollardan. U 2025-yilda tasvirga olinishi rejalashtirilgan “Sobiq ayol” kartinasida Jen rolini ijro etadi. Aslida aktrisa bosh rolni ijro etishi kerak edi, ammo ushbu rol Janet Montgomeriga ko‘chirildi.
Film qahramonlarining sevimli insoni bo‘lgan Angel Kolbi (Gvinevra) ayni paytda teatrda faol ijod qilmoqda. U 2022-yilda Hampstid teatrida qo‘yilgan “O‘rmon” spektaklida Sofi rolini gavdalantirdi. Aktrisa ayni paytda bir nafar o‘g‘il farzandni tarbiyalamoqda.
89 yoshli Richard Uilson (Gaius) 2021-yilda BBC Radio mehmoni bo‘lib, o‘zining adabiyotga shaydo muxlislari uchun qiziqarli tavsiyalar bergandi. U tez-tez Robert Berns she’riyatiga murojaat qilishini aytib, The Guardian nashrini oylik obuna asosida o‘qib borishini ma’lum qilgan.