O‘zbekiston milliy jamoasida yo‘qotish: legioner futbolchi safdan chiqdi


“Rizespor” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Husniddin Aliqulov Turkiya Superligasi 28-turi doirasidagi “Bodrum”ga qarshi kechgan uchrashuvda jarohat oldi. Futbolchi o‘yinning 44-daqiqasida raqib futbolchi bilan to‘p uchun kechgan kurash jarayonida to‘qnashib ketdi va maydonni tark etdi.
Klub futbolchining holati haqida rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, Aliqulov Rejep Tayyip Erdog‘an Universiteti kasalxonasida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tashxis natijasiga ko‘ra, uning burni va yonoq suyagi sinib ketgani aniqlandi. Hozirda futbolchining davolanish jarayoni boshlangan.
Uning qancha muddatga safdan chiqqani ochiqlanmagan. O‘FA ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
“Klub tomonidan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida Aliqulovning burun va yonoq qismida suyak sinish holati aniqlanib, futbolchiga jarrohlik amaliyoti qo‘llandi. Ushbu vaziyatdan kelib chiqqan holda, tibbiy shtab tavsiyasi bilan Husniddin Aliqulov terma jamoamiz yig‘inida qatnasha olmaydigan bo‘ldi.
Temur Kapadze boshchiligidagi murabbiylar tomonidan milliy jamoa safiga “Nasaf” klubi himoyachisi G‘olib G‘aybullayev jalb etildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi mart oyida ikkita uchrashuvda maydonga tushadi. Dastlab 20-mart kuni “Bunyodkor” stadionida Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushadigan o‘zbekistonliklar, 5 kun o‘tib Eronga qarshi saf tortadi.