Oʻzbekiston qishki Osiyo oʻyinlari tarixida ikkinchi yaxshi natijasini koʻrsatdi


Sportchilar musobaqani 1 ta oltin medal bilan yakunladi. Eng yaxshi natija 1999-yilda qayd etilgan edi — 3 ta medal.
Oʻzbekiston sportchilari Xitoyning Harbin shahrida oʻtayotgan qishki Osiyo oʻyinlaridagi ishtirokini bitta oltin medal bilan yakunladi. Bu oʻyinlar tarixidagi ikkinchi eng yaxshi natija boʻldi.
Bundan oldin, 1999-yilda Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida oʻtgan Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonliklar 3 ta medal (oltin + kumush + bronza) bilan eng yaxshi natijaga erishgan edi.
Harbin shahrida oʻtayotgan musobaqada oltin medalni figurali uchish boʻyicha terma jamoa aʼzolari Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish keltirdi.
Umumjamoa hisobida Xitoy 32 oltin, 26 kumush va 24 bronza bilan birinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbekistonliklar (1-0-0) Janubiy Koreya (15-14-13), Yaponiya (9-11-14) va Qozogʻistondan (3-8-7) keyin beshinchi oʻrinda bormoqda. Musobaqa ertaga yakunlanadi.

Oʻzbekistonlik boshqa sportchilarning natijalari qanday boʻldi? Short-trek boʻyicha Daniil Yeybog 500 metr masofaga kechgan bahsda yettinchi natijani qayd etdi. Shuningdek, u 1500 metr masofada ham ishtirok etib, yarimfinalgacha bordi.
Togʻ changʻisi boʻyicha slalom yoʻnalishida Sabina Rejepova 15-, Valeriya Kovalyova 17-, Mariya Morova 23-oʻrinni qayd etdi. Kseniya Grigoriyeva trassada xatoga yoʻl qoʻygani uchun diskvalifikatsiya qilindi.
Konkida yugurish boʻyicha Danila Semerikov 5000 metr masofaga kechgan bahsda 6-oʻrinni egalladi. Togʻ changʻisi slalom dasturida Arman Gayupov 6-, Nikita Gorkovskiy 14-oʻrinni qayd etdi. Medet Nazarov bahs davomida belgilangan yoʻnalishdan chiqib ketib, ishtirokini tugata olmadi.
Biatlonchilar Dilmurod Abdurahmonov hamda Rolan Raimqulov 10 km masofaga kechgan sprint poygasida mos ravishda 31- va 25-oʻrinni egalladi.