“Dubay shokoladi”da salomatlik uchun xavfli miqdorda bakteriyalar borligi aniqlandi


Toshkentda sotilayotgan Fix dessert chocolatier brendi ostidagi “Dubay shokoladi” Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi sinovlaridan o‘tkazilganida inson salomatligi uchun xavfli miqdordagi bakteriyalar borligi aniqlandi.
Inspeksiya mutaxassislari Ecobozor Beruniy filiali savdo nuqtalarida sotilayotgan ushbu shokoladni tekshirib ko‘rgan. Tanlab olingan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida “O‘zTest” DM sinov laboratoriyasiga topshirilgan.
Bayonnoma natijalariga ko‘ra quyidagi nomuvofiqliklar aniqlandi:
- Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburug‘larning yuqori darajadagi mavjudligi;
- Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va “Salmonella 25 g” bakteriyasining mavjudligi, bu esa me’yoriy hujjatlarda qat’iyan taqiqlangan.
“Bunday ko‘rsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin”, deyiladi inspeksiya matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, mahsulotning tashqi ko‘rinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlangan. Xususan, “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.