РУ
O’Z
UZS
/
/
Oʻzbekiston jamoasi TechWomen dasturida gʻalaba qozondi
30.10.2024 (yangilandi 30.10.2024)

Oʻzbekiston jamoasi TechWomen dasturida gʻalaba qozondi

Oʻzbekistonda jamoasi TechWomen dasturida gʻalaba qozondi

Oʻzbekiston jamoasi ijtimoiy loyiha ustida ishlash doirasida TechWomen dasturida gʻalaba qozondi. Bu 9 yillik ishtirok davomidagi ilk gʻalaba hisoblanadi.

Oʻzbekiston jamoasi 2024-yilning sentyabridan oktabrigacha ijtimoiy loyiha ustida ishlash doirasida TechWomen dasturida gʻalaba qozondi.

Qayd etilishicha, jamoa 9 yillik ishtiroki davomida birinchi marta gʻalaba qozondi va oʻz loyihasini rivojlantirishni davom ettiradi. Loyiha “Bolajonim” deb nomlanib, autizm spektri buzilishi haqida ota-onalarning xabardorligini oshirishga qaratilgan.

Oʻzbekistonda autizm spektri buzilishini (ASB) erta tashxislash xabardorlikning pastligi, mutaxassislarning yetishmasligi va ijtimoiy stigma tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu odatda 5 yoshdan keyin kech aniqlanishga olib keladi, natijada davolash imkoniyatlari cheklanadi. Oqibatda autizm bilan kasallangan bolalar rivojlanishdan orqada qolib, ularning jamiyatga va mehnat faoliyatiga moslashuvi qiyinlashadi.

AQSH maʼlumotlariga koʻra, har 36 boladan bittasi autizm xavfi ostida (Markaziy Osiyo uchun maʼlumotlar mavjud emas). Erta tashxis qoʻyish jamiyatga muvaffaqiyatli moslashish imkoniyatini 66,67 foizga oshiradi. Oʻzbekistonda, ayniqsa qishloq joylarda sogʻliqni saqlash infratuzilmasining cheklanganligi va autizmni tashxislovchi mutaxassislarning yetishmasligi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Koʻpchilik ota-onalar stigma tufayli yordam soʻrashga botinmaydi.

“Bolajonim” loyihasi ota-onalarga Telegram orqali oʻzbek tilida M-CHAT-R/F usuli yordamida skriningdan oʻtishni taklif etadi. Oddiy test autizm xavfini aniqlash va keyingi qadamlarni belgilash imkonini beradi. Loyihaning asosiy qiyinchiligi — chekka hududlarni qamrab olishdir.

Loyiha 400 bola uchun xususiy klinikadagi pilot loyiha bilan boshlanadi, soʻngra 5 ta davlat klinikasiga kengaytirilib, keyinchalik milliy miqyosda joriy etiladi. 2026-yilgacha loyihaning barqarorligi uchun teletibbiyot va pullik maslahatlarni oʻz ichiga olgan toʻlaqonli ilovani ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

TechWomen — STEM (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) sohalaridagi qizlar va ayollar uchun professional almashinuv dasturi boʻlib, unda ishtirokchilar 5 hafta davomida Amerika kompaniyalarida amaliyot oʻtaydi va oʻz mamlakatlari uchun ijtimoiy loyiha ustida ishlaydi.