РУ
O’Z
UZS
/
/
Shveysariyada Gulnora Karimova noqonuniy orttirgan mablagʻlar taqdiri qanday hal qilinmoqda?
20.11.2024

Shveysariyada Gulnora Karimova noqonuniy orttirgan mablagʻlar taqdiri qanday hal qilinmoqda?

Shveysariyada Gulnora Karimova noqonuniy orttirgan mablagʻlar taqdiri qanday hal qilinmoqda?

Shveysariyada 12 yildan ortiq vaqtdan beri Oʻzbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli yuzlab million franklar muzlatib qoʻyilgan. Bu hozirgi kunda nufuzli shaxslarning noqonuniy orttirilgan mablagʻlarini muzlatish, musodara qilish va qaytarish boʻyicha eng yirik holatdir.

Shveysariya federal kengashi ushbu vaziyat uchun tanlangan yechim — BMT homiyligida tashkil etilgan Shveysariya-Oʻzbekiston trast fondi kelajakda mablagʻlarni qaytarishda namuna boʻlishiga umid qilmoqda. Mazkur trast fondga 2012-yil yozida Jeneva va Syurixdagi bank hisobraqamlaridan olib qoʻyilgan taxminan 800 million Shveysariya frankidan 131 million dollari oʻtkazilgan.

Bu mablagʻning 95 million dollarga yaqini allaqachon oʻtkazib berilgan. Chaqaloqlar oʻlimini kamaytirishga qaratilgan sogʻliqni saqlash sohasidagi dastlabki loyiha uchun 43,5 million dollar sarflandi. Taʼlim sohasidagi loyihaga esa yana 23,5 million dollar yoʻnaltirildi. Bu esa birinchi transhdan taxminan 28 million dollar hali oʻzlashtirilmaganini anglatadi.

Federal tashqi ishlar departamenti maʼlumotlariga koʻra, fondni boshqarish qoʻmitasi hali ham undan maqsadli foydalanishni muhokama qilmoqda. Shu sababli Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ikki yildan ortiq vaqt oldin qonuniy ravishda musodara qilingan yana 230 million dollar mablagʻning hanuzgacha trast fondiga oʻtkazilmagani muammo tugʻdirmayapti.

Buning uchun Shveysariya va Oʻzbekiston oʻrtasida yana bir taqsimlash bitimini tuzish zarur. Federal adliya boshqarmasi musodara qilingan aktivlardan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi federal qonun asosida Oʻzbekiston bilan muzokaralar olib borishi kerak. 2018-yil may oyida Federal kengash Karimova ishi boʻyicha qonuniy musodara qilingan barcha aktivlar toʻliq qaytarilishi haqida qaror qabul qilgandi.

Federal Adliya boshqarmasi Oʻzbekiston bilan mulk taqsimotiga oid ikkinchi bitimning kechiktirilishi sabablariga izoh berishni istamadi. Federal hukumat advokatlari birinchi kelishuvni ommaga eʼlon qilishga qarshi chiqqan.

Shveysariya Bosh prokuraturasi musodara qilmoqchi boʻlgan yana 350 million Shveysariya frankiga kelsak, Federal jinoyat sudi apellyatsiya palatasi 2022-yil iyulda qarorni bekor qilib, ishni qayta koʻrish uchun quyi sudga qaytargan. Oʻshandan beri ushbu sud muhokamasi Gulnora Karimovaga qarshi sud jarayoni yakunlanguniga qadar toʻxtatib qoʻyilgan.

Biroq bu yerda ham muammo mavjud. Shveysariyada hanuzgacha ushbu ishning asosiy figuranti boʻyicha qaror chiqarilmagan. Shveysariya Bosh prokuraturasi 2023-yil sentyabrda ayblov xulosasini taqdim etgan boʻlsada, Federal jinoyat sudi marhum Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimovning 52 yoshli qizi ustidan sud muhokamasining sanasini hali belgilamagan.

Muammolardan biri shundaki, Karimova Oʻzbekistonda qamoqda saqlanmoqda. Barcha ayblovlarni rad etayotgan ayblanuvchining asosiy sud majlislarida ishtiroki qanday taʼminlanadi?

Federal Adliya boshqarmasiga koʻra, odatda qidiruv eʼlon qilingan shaxsni vaqtinchalik ekstraditsiya qilish mumkin. Biroq, sud jarayonida qatnashish maqsadida bunday ekstraditsiya uchun soʻrov qilinayotgan davlat allaqachon ekstraditsiyaga ruxsat bergan boʻlishi kerak.

Federal jinoyat sudi bir necha oydan beri oʻzaro huquqiy yordam kanallari orqali Oʻzbekiston hukumati bilan aloqada boʻlib kelmoqda. Biroq gap ekstraditsiya haqida emas, balki dalillar toʻplash haqida bormoqda. Sud ishni Oʻzbekistonga oʻtkazishi mumkinmi, degan savolga sud bosh kotibi Estel de Lyuze bir necha kishini soʻroq qilish haqida gap ketayotganini aytdi. Shundan soʻng sud muhokamasini Shveysariyada oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Hozircha sana belgilanmagan.