Poytaxtda hordiq chiqarish uchun yangi manzil — Taras Shevchenko gastronomik koʻchasiga nazar
Toshkent shahri Mirobod tumanidagi markaziy koʻchalardan biri — Taras Shevchenko gastronomik koʻchaga aylantirildi. 26-oktyabr kuni koʻcha rasman ochildi.
Toping.uz muharrirlari ochilish marosimida boʻlib, koʻchadan fotoreportaj tayyorladi. Maqolada koʻchaning qulayliklari, tashrif buyuruvchilar uchun ustunliklar va boshqalar haqida soʻz boradi.
Koʻchada olib borilgan qurilish ishlari
Taras Shevchenkodagi gastronomik koʻcha qurilishining birinchi bosqichi 11-oktabr kuni yakunlangan.
Gastronomik koʻcha boʻylab foto-zonalar va yashil hududlar barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar oʻrnatilgan.
Shuningdek, bitta yangi avtobus bekati qurildi, yuzni tanish tizimiga ega 39 ta videokuzatuv kameralari, 20 ta oʻrindiq va axlat qutilari oʻrnatildi, Wi-Fi tarqatish tizimlari yaratildi.
Taʼkidlanishicha, mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kv.m piyodalar yoʻli barpo etilgan, qatnov yoʻlining asosiy qismi (2600 kv.m) esa tabiiy granit toshdan terilgan.
Shuningdek, koʻchada 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta oʻrindiq va axlat qutilari oʻrnatilgan hamda wi-fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.
Koʻchaning rasman ochilishi
26-oktyabr kuni Toshkentning Mirobod tumanidagi gastronomik koʻchaning rasmiy ochilishi boʻlib oʻtadi. Bu haqda tuman hokimligi maʼlum qildi.
“Koʻp yillar davomida bu hudud avtotransportlar harakati uchun edi. Olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida endilikda Taras Shevchenko koʻchasi piyodalar uchun sevimli lokatsiyalardan biriga aylanishiga ishonamiz”, — deb yoziladi xabarda.
Gastronomik koʻchada 24 soat davomida tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatuvchi restoranlar, kafelar, oziq-ovqat doʻkonlari va savdo butiklari mavjud.
“Gastronomik koʻcha nogironligi bor insonlar uchun moslashtirilgan, zamonaviy dam olish oʻrindiqlari, qulay piyodalar muhiti, tematik fotozonalar va piyodalar fontaniga ega kafe, restoran, qandolatxona va qahvaxonalar 24/7 ish rejimida faoliyat yurituvchi hududdir”, — deyiladi tuman hokimligi xabarida.
Gastrokoʻcha nima degani?
Gastronomik koʻchani yaratish orqali biz koʻchalar boʻylab faqat mashinada harakatlanish uchun kerak degan fikrdan uzoqlashamiz va koʻchalarni ixtisoslashgan gastronomik funksiyaga ega boʻlgan jamoat maydoni sifatida koʻrishni boshlaymiz.
Va bu funksiya allaqachon piyodaga avtomobildan ustunlik beradigan dizayn yondashuvini talab qiladi. Agar ushbu yondashuv tashabbusda belgilangan boʻlsa, Toshkent odamlar uchun xavfsiz boʻlgan bir nechta sifatli koʻchalarga ega boʻladi. Bu sayyohlar oqimini oshirish va yangi restoranlarni ochishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda ham shahar uchun foyda boʻladi.
Taras Shevchenko, Sultonali Mashxadi va, masalan, Mirobod koʻchalari hozirda gastronomik deb hisoblanadi. Asosiy komponent — kafelar, restoranlar va ularga tashrif buyuruvchilar — allaqachon bu erda. Ularni yangi boʻsh joyga jalb qilish shart emas. Piyodalar uchun qulay shahar maydonini taklif qilish va u orqali avtobus yoʻnalishlarini ishga tushirish kifoya. Shunda biznes uchun ijobiy oʻzgarishlarni kuzatish mumkin boʻladi. Masalan, yoshlar va yoʻl-yoʻlakay otgan insonlar tufayli daromad oshadi.
Muallif izohi
Gastronomik koʻchani tashkil etishda bir nechta jihatlarga eʼtibor qaratish kerak. Tanlangan joy gavjum hudud boʻlishi, transport infratuzilmasi, avtoturargoh kabi qulayliklarga ega boʻlishi kerak.
Shuningdek, koʻcha oʻz nomiga munosib asosan ovqatlanish nuqtalariga boy boʻlishi lozim. Har xil milliy, xalqaro oshxonalarni jamlash orqali koʻchaning mazmunini boyitish va koʻproq turdagi mijozlarni jalb qilish mumkin.
Ammo Taras Shevchenkoda hozircha faqat fastfud va xorij oshxonasi restoranlarini uchratish mumkin. Koʻchaning tashqi koʻrinishiga asosiy eʼtibor qaratilgan, ammo doʻkonlar va kafelarni bezatish uchun eʼtibor berilmagandek.
Koʻchani bezashda koʻproq oʻrindiqlardan foydalanish kerak edi. Fotozonalar ham yetarlicha koʻp boʻlishi kerak. Shevchenkoda boʻlsa, rasm tushish mumkin boʻlgan hududlar soni oʻntaga ham yetmaydi. Buning ortidan odamlar rasm tushish uchun navbatda turib qolmoqda.
Kecha, 26-oktyabr kuni koʻchaning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va shu bois kichik konsert tashkil etildi. Agar bunday madaniy tadbirlar koʻp oʻtkazilsa, albatta, shu yerda yashovchi aholiga noqulaylik tugʻdiradi. Bunday baland ovozli tadbirlar istirohat bogʻlarida boʻlgani maʼqul.