РУ
O’Z
UZS
/
/
Qahva hidi taratishdan qochib ketishgacha: Uxlab qolishingizga yo‘l qo‘ymaydigan 7 ta noodatiy budilnik
25.06.2024

Qahva hidi taratishdan qochib ketishgacha: Uxlab qolishingizga yo‘l qo‘ymaydigan 7 ta noodatiy budilnik

Qahva hidi taratishdan qochib ketishgacha: Uxlab qolishingizga yo‘l qo‘ymaydigan 7 ta noodatiy budilnik

Zamonaviy budilnik texnika mo'jizasi va interyer uchun chiroyli texnika bo'lishi mumkin. Sizlar uchun tonggi uyg‘onishni zavqli va tezlashtirishga yordam beruvchi 7 ta noodatiy qurilmaning TOP ro‘yxatini tuzdik.

1. Aroma-budilniklar

Kunni qahva, lavanda yoki dengiz shamoli iforlari bilan boshlamoqchimisiz? Unda bu gadjet sizga, albatta, yoqadi. 2018-yilda Fransiyaning SensorWake kompaniyasi kayfiyatingiz va shaxsiy xohishlaringizga qarab o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan xushbo‘y kartridjli budilniklarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bir necha yil o‘tgach, o‘zida budilnik funksiyasi o‘rnatilgan aromatik diffuzorlar ham mashhurlikka erishdi.

Hozirda o‘zida havo namlagichi, aroma diffuzor va budilnikni birlashtirgan ko‘p funktsiyali qurilmani xarid qilishingiz mumkin. Belgilangan vaqtda gadjet efir moyini purkay boshlaydi, bu esa yoqimli uyg‘onishga yordam beradi. Aytgancha, yalpiz va rozmarin yog‘iga e’tibor berishni maslahat beramiz  — ular quvvatlantiruvchi ta’sirga ega va bu isbotlangan. 

Agar qahvaning haqiqiy iforidan uyg‘onmoqchi bo‘lsangiz, unda budilnik-qahva xarid qiling. U sizga uyg‘onishingizdan bir necha daqiqa oldin bir finjon quvvatlantiruvchi qahva tayyorlab, ifori bilan uyg‘otadi.

 2. Musiqiy budilniklar

Budilniklarning eng mashhur modellaridan biri Soundcore Wakey radiosi. Uyquga ketish uchun qo‘shiqlar bilan sozlangan va sevimli musiqalaringizni eshitish uchun Bluetooth’ga ega. Bundan tashqari, u simsiz telefonni quvvatlab, yuqori sifatli stereo dinamiklarga ega. Shu tariqa u, asosan, sizni tayinlangan vaqtda uyg‘otishga qodir aqlli kolonkadir.

Aytgancha, har qanday aqlli kolonkalar ushbu funksiyani bajarishi mumkin. Buning uchun ovozli yordamchiga sizni qachon va qanday signaldan: klassik yoki sevimli musiqangizni chalib uyg‘otish kerakligini ayting.

3. Yoruglik taratuvchi budilnik

Uygʻonishning eng gʻalati yoʻnalishlaridan birini “Philips” o‘zining “Wake Up Light” budilnigi bilan koʻrsatdi.

Uning ishlash prinsipi tongni imitatsiya qilishga asoslanadi: 30 daqiqa ichida yorug‘lik asta-sekin qizildan sariq ranga yorug‘lashib, shundan so‘ng ovozli signal eshitiladi. Bundan tashqari, qurilmaning displeyi xonadagi yorug‘likka qarab ekran yorug‘ligini avtomatik ravishda sozlaydi. Shunday budilniklarni ishlab chiqaruvchi ayrim kompaniyalar ilgarilab, bir gadjet atrofida uyqu ekotizimini yaratdi.

Masalan, “Hatch” brendi budilniklarni xarid qilganda, uning mobil dasturini ham o‘rnatishni taklif qiladi, unda esa pleylistlar, dam olish uchun mashqlar va uyg‘onish uchun original tovushlar mavjud.

 https://www.philips.co.uk/c-p/HF3510_01/wake-up-light rasmiy saytidan olingan foto

4. Vibratsiyali budilniklar

Ehtimol, ushbu qurilmaning asosiy afzalligi – erta turish kerak bo‘lganda boshqalarning uyqusini bezovta qilmaslik qobiliyatidir. Bundan tashqari, u eshitish qobiliyati cheklangan odamlar uchun eng yaxshi variant hisoblanadi.

Vibratsiyali budilniklar matras yoki yostiq ostida yashiradigan kichik diskka o‘xshaydi. Bundan tashqari, yanada rivojlangan versiyalari, masalan, klassik budilnik shaklidagi qo‘shimcha bazaga ega  “Time Shaker Wow” .

Bunga fitness bilaguzuklari va aqlli soatlar ham kiradi. Barcha zamonaviy modellar “budilnik” funksiyasiga ega va uyg‘otish uchun vibratsiya signalini bera oladi.

5. Sport budilniklari

Bunday budilnik sizni yaxshigina tetiklantirishi mumkin, axir u ketib qolishi va hatto uchib ketishi mumkin.

Masalan, uchuvchi budilniklarda kichik propeller mavjud bo‘lib, u budilnikni havoga ko‘tarib xonada sakrab yurishiga yordam beradi. Uni baribir tutishingiz kerak bo‘ladi – propeller to baza stansiyasiga qaytgunga qadar yoqimsiz tovush chiqarishda davom etadi.

Qochib ketadigan budilnik kichkina g‘ildirakli robotga o‘xshaydi. Belgilangan vaqtda u quvnoq tarzda chiyillaydi, lekin uni o‘chirish oson emas: avval uni tutish uchun biroz yugurishga to‘g‘ri keladi.

Tir va dartslarga otishni sevuvchilar uchun nishonga otib o‘chiradigan budilniklar mos keladi. Faqat “o‘chirish” tugmasini bosish o‘rniga, tovush signalini o‘chirish uchun nishonga urishingiz kerak bo‘ladi.

6. Aqlli gilamcha

Shunchalik aqlliki, unda o‘rnatilgan budilnik to‘shakdan turmaguningizcha to‘xtamaydi. Ammo uni aldashga urinmang: agar bir necha soniyadan keyin yana qaytib yotsangiz, dinamiklar yana signal chaladi. Gilamcha batareya bilan ishlaydigan va USB kabeli orqali istalgan ringtonni o‘rnatish mumkin.

7. Tetiklantiruvchi boshqotirmalar

Telefoningiz mobil ilovalar yordamida g‘ayrioddiy budilnikka aylanishi mumkin. Masalan, “Alarmy” sizni uyqudan ug‘otish uchun matematik boshqotirmalar, mantiqiy o‘yinlar va “surat yasash” vazifalarini taklif qiladi. Ishlashi oddiy: pazzlni yechmaguningizcha, budilnikni o‘chirish mumkin emas.

“PlayMarket” yoki “AppStore”da turli tillardagi budilniklarning ko‘plab variantlarini topasiz. Ishlatib ko‘rib, sevimli ilovangizni toping.

Yana bir g‘ayrioddiy budilnik konsepsiyasi 2013-yilda novator ixtirochi Rich Olson tomonidan taqdim etilgan. Qog‘oz maydalagich asbobga pul banknoti qo‘yilgan. Budilnik yongan zahoti, pul banknotini maydalab tashlashidan oldin uyg‘onib, qurilmani o‘chirish zarur. 

Bu vaqtida turishga juda yaxshi motivatsiya bo‘lib tuyulsa-da, pullarni yo‘q qilish qonunga zid ekani ma'lum bo‘ldi. Shunday qilib, uxlashni yaxshi ko‘radiganlar o‘z moliyaviy holati haqida xavotir olmasa ham bo‘ladi.