Sevgining 5 tili: o‘z his-tuyg‘ularingizni qanday tushunishni, tinglashni va sherigingizni eshitishni o‘rganish mumkin
Agar sherigingiz sizga nisbatan nimani his qilayotganini tushunishni yoki o‘z his-tuyg‘ularingizni to‘g‘ri ifodalashni o‘rganishni istasangiz, demak bu siz uchun. U sizlarning orangizda aslida nima borligini tushunishga, yaqinroq bo‘lishga va hatto o‘sha hissiy teranlikka erishishga yordam beradi.
Muhabbat ko‘p qirrali va keng tushuncha. Kim uchundir u g‘amxo‘rlik va e’tiborda, kimgadir chiroyli va jo‘shqin nutqlarda (hatto bu aldash bo‘lsa-da), boshqalar uchun esa u do‘stlik hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi.
Ammo fakt faktligicha qoladi: agar suhbatdoshingiz faqat sizning tilingizdan farq qiluvchi tilda tushunsa, unga o‘z tilingizda muhabbat izhor qilish befoyda. Nizolar, tushunmovchiliklar va boshqa qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun biz bitta tilda so‘zlashishni o‘rganishimiz kerak. Buning uchun esa bizga vaqt va, albatta, nazariy bilimlar kerak bo‘ladi. Ularni ushbu maqolada suvsiz, smssiz va ro‘yxatdan o‘tmasdan jamlashga harakat qildik. Sizga mehr bilan
Qanday sevgi tillari mavjud - top 5 talik
Muhabbat tillari qanday bo‘ladi? Ushbu darajalanishning mavjudligi haqidagi g‘oya muallif Geri Chepmenning “Sevgining besh tili” kitobida ommalashtirildi. Muallifning fikriga ko‘ra, odamlar muhabbatni ifodalashi va idrok etishining 5 ta asosiy usuli mavjud. Ular orasida:
Ruhlantiruvchi so‘zlar
Bu maqtovlar, erkalovchi so‘zlarni qadrlaydigan va doimiy ma’qullashga ehtiyoj sezuvchi kishilarning sevgi tilidir. Ular uchun eng yaxshi, sevimli va qadrli, yana yagona va takrorlanmas ekanliklarini eshitish muhimdir.
Ruhlantiruvchi so‘zlarga misollar: “sen uddalaysan”, “men senga ishonaman”, “xatolar - bu yo‘lning bir qismi”, “sen yolg‘iz emassan, men yoningdaman”, “men sen bilan faxrlanaman”.
Sifatli vaqt
Bu bo‘sh vaqtni hamrohi bilan o‘tkazishni, undan boshqa hech kimga e’tibor qaratmaslikni yaxshi ko‘radiganlarning sevgi tili. Birgalikdagi sayrlar, dilkash suhbatlar, uchrashuvlar. Hatto bu xudbinlik bo‘lsa-da, yonma-yon bo‘lgan ma’qul.
Birgalikda maroqli vaqt o‘tkazish uchun g‘oyalar: birgalikda kechki ovqatni tayyorlash, parkdagi piknik, sayr/sayohat, muzey/teatrga tashrif buyurish, sayohat, film/seriallarni birgalikda tomosha qilish, mahоrat darslari.
Sovg‘alar
Bu sovg‘alarsiz yashay olmaydiganlarning sevgi tili. Va ularga nafaqat olish, balki ularni sovg‘a qilish ham muhimdir. Agar mushkul ahvolda qolgan bo‘lsangiz ham, hechqisi yo‘q: sovg‘a qimmat bo‘lishi shart emas – uni hadya etishning o‘zi ahamiyatli. Mayda bo‘lsa-da, lekin yoqimli.
Qizga/yigitga sababsiz sovg‘alar uchun g‘oyalar: shamlar, shokolad, kichkina o‘simlik (gul), kalitlar uchun jevakcha (brelok), kitob, qahva, bloknot, poster, aksessuarlar.
Xizmat ko‘rsatish harakatlari
Mazkur sevgi tili g‘amxo‘rlik bilan bog‘liq harakatlar orqali ifodalanadi. Uyda yordam berish, shaxsiy iltimosni bajarish yoki hamrohining hayotini osonroq va yoqimliroq qiladigan ish.
Xizmat ko‘rsatish harakatlariga misollar va ular munosabatlarni qanchalik mustahkamlaydi?
Do‘konga/dorixonaga borish, maishiy yordam, nonushta tayyorlash, mayda ta’mirlash, uy hayvonlariga g‘amxo‘rlik qilish, uyda chiroyli va shinam muhitni yaratish.
Xizmat ko‘rsatish munosabatlari uchun muhim: ular ishonch va o‘zaro tushunishni mustahkamlaydi. Shunday qilib, siz boshqa odamga vaqt va kuch sarflashga tayyor ekanligingizni ko‘rsatasiz, sevgi va sadoqatni quruq so‘zlar bilan emas, harakatlar bilan namoyish qilasiz.
Jismoniy daxldorlik
Jismoniy aloqaga asoslangan muhabbatning eng nozik tili. Atrofimizdagi jismoniy daxldorlikka misollar: bu quchoqlashish, o‘pish, silash, sochlarga teginish yoki shunchaki qo‘lni ushlash. Agar bu bo‘lmasa, u holda odamda haqiqiy “sinish” yuz beradi.
O‘z muhabbat tilini bepul va fol ochmasdan turib, qanday aniqlash mumkin
So‘rovnomalar
Geri Chapmen testi
Yozuvchining rasmiy saytida va uning kitoblarida sizning sevgi tilingizni aniqlashga yordam beradigan testdan o‘tishingiz mumkin. U quyidagilarni o‘z ichiga olib, ular siz uchun nima muhim v anima ahamiyatsiz ekanligini tezda aniqlab beradi.
Onlayn testlar
Turli saytlarda sizga aynan qaysi sevgi tili yaqinligini aytib beradigan ko‘plab bepul testlar mavjud. Odatda ular munosabatlardagi afzalliklar va muhabbat izhor qilishning turli shakllariga munosabat haqidagi savollarni o‘z ichiga oladi.
“Ma’lumotlar tahlili”
O‘tiring va sizga ko‘proq quvonch keltiradigan narsalar - sovg‘alar, birga vaqt o‘tkazish, maqtovlar, uyda yordam berish yoki daxldorlik haqida o‘ylang. Buning uchun “xotira kartasi”ga murojaat qilish kerak bo‘ladi. O‘z munosabatlaringiz, xatti-harakatlaringiz va motivlaringizni, shuningdek, shikoyatlaringizni yodga oling. Hech kim bu oddiy bo‘lishini aytmagan edi!
Halol suhbat
Sherik bilan ochiq muloqot – aniqlash uchun kalit. U allaqachon sizning xatti-harakatlaringizda sevgi tiliga ishora qiluvchi u yoki bu qoliplarni payqaganiga ishonchingiz komil bo‘laversin. Bunga sizning g‘amxo‘rlikning yo‘qligi haqidagi shikoyatlaringiz misol bo‘lishi mumkin.
Sezgiga urg‘u berish
Mana endi sizning yakkaxon partiyangiz. Xayolingizga 5 ta sevgi tilini tanlang va ulardan qaysi biriga tanangiz va qalbingiz javob berishini bilishga harakat qiling.
Amaliyot, amaliyot va yana bir bor amaliyot
Sevgini ifodalashning turli usullarini sinab ko‘ring va o‘zingizni chetdan kuzating. Tajriba yo‘li bilan siz qaysi sevgi tili siz uchun eng maqbul va tabiiy ekanligini tushunishingiz mumkin.
Yuqoridagilarni umumlashtiradigan bo‘lsak, muhabbat tilining ta’rifini o‘z-o‘zini anglash, o‘rganish va hatto muolaja jarayoni bilan taqqoslash mumkin. Agar u yaxshilab mushohada qilinsa, nafaqat munosabatlarni yaxshilashi, balki o‘zini ham tushunishi mumkin. Yana bir qiziq fakt: hayot davomida sevgi tili o‘zgarishi mumkin, lekin bu butunlay boshqa hikoya.
Endi esa eng qiziqarli narsaga o‘tamiz va “munosabatlarda muhabbat tili bilimlaridan qanday foydalanish mumkin” degan savolga javob beramiz.
Agar siz sevgi tillari bo‘yicha mutaxassis bo‘lishni istasangiz, avval qaysi tillar siz va hamrohingiz uchun eng ahamiyatli ekanligini aniqlab oling. Sizni bir-biringizga yaqinlashtiradigan, ozgina bo‘lsa ham baxtliroq qiladigan umumiy jihatlarni toping. Bu shaxsiy reytinglaringizning boshida turgan sevgi tillariga urg‘u berib, ongli va yaxshi munosabatlarni o‘rnatishga yordam beradi.
Sevgi tillarining muvaffaqiyatli qo‘llanilishiga misollar
a) Muhabbat tili rag‘batlantiruvchi so‘zlar bo‘lgan odam bilan muloqotda oddiy ibora yordam beradi. Masalan, “Sen bu vazifani a’lo darajada bajarding”.
b) Sifatli vaqtni qadrlaydigan odam uchun birgalikdagi biron-bir qiziqarli mashg‘ulot yoki muntazam “uchrashuv oqshomlari” quvonch manbai bo‘ladi.
c) Xizmat aktlarini qadrlaydigan odamlar og‘ir ish kunidan keyin siz ularga tayyorlagan mazali kechki ovqatni yuqori baholaydilar.
Hamroh bilan muloqotni yaxshilashga yordam beradigan maslahatlar
- Doimiy ravishda afzalliklar va umidlarni muhokama qiling. Muloqot - tushunish kaliti. Hamrohingiz uchun sevgi belgisi nima ekanligi haqida savollar bering va hatto eng maxfiy bo‘lgan o‘z istaklaringizni o‘rtoqlashishdan tortinmang.
- Moslashuvchan bo‘ling. Ehtiyojlaringiz (sizning va hamrohingizning) vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinligini unutmang. Bunday o‘zgarishlarga ochiq bo‘ling, bitta strategiyaga o‘ralashib qolmang. Bu ham “qulaylik hududi”dir.
- Ko‘proq tinglang va kuzating. Ko‘pincha sheriklar o‘z afzalliklarini so‘zlar bilan emas, balki xatti-harakatlarda ifodalaydilar. Bu siz “topishmoq” o‘yinini o‘ynashingiz kerakligini anglatmaydi, shunchaki agar siz uzoq muddatli munosabatlardan manfaatdor bo‘lsangiz ziyrak va kuzatuvchi bo‘lishingiz yetarli.