Shahram Gʻiyosov 2 ta kamar uchun jang qiladi


WBA yoʻnalishida yarim oʻrta vazn toifasida majburiy daʼvogar boʻlgan Shahram Gʻiyosov WBA chempioni Eymantas Stanionis va IBF chempioni Jeyron Ennis oʻrtasida 12-aprel kuni boʻlib oʻtadigan jangga rozilik berdi.
U bu jangga keyinchalik ushbu jang gʻolibi oʻzi bilan ringga chiqish sharti evaziga rozi boʻlgan.
The Ring nashri WBA qarorini shunday keltiradi:
“WBA yarim oʻrta vazn chempioni Eymantas Stanionisga 12-aprel kuni Atlantik-Sitida IBF chempioni Jeyron Ennisga qarshi birlashtiruvchi jang oʻtkazish uchun maxsus ruxsatnoma berdi. WBA qoidalariga muvofiq, Stanionis jamoasi ushbu jang boʻyicha majburiy daʼvogar Shahram Gʻiyosovga murojaat qildi va u bu jangning oʻtkazilishiga rozilik berdi”.
WBA qoidalari va qaroriga koʻra, Stanionis va Ennis oʻrtasidagi jang gʻolibi 120 kun ichida Gʻiyosovga qarshi jang oʻtkazishi shart.
Shuningdek, The Ring nashrining xabar berishicha, Shahram Gʻiyosov ham 12-aprel kuni Atlantik-Sitida oʻtkaziladigan ushbu boks kechasida jang qiladi.