Britaniyada 38 yil qamoqda nohaq o‘tirgan erkak oqlandi


Buyuk Britaniya apellyatsiya sudi 38 yil davomida qamoqda nohaq o‘tirgan 68 yoshli Piter Sallivanga nisbatan qo‘yilgan ayblovni olib tashladi, deb xabar beradi The Guardian.
Qayd etilishicha, erkak 1987 yilda Mersisaydda 21 yoshli florist Diana Sindallni o‘ldirgani uchun qamalgan. Qiz zo‘rlangan va o‘lguniga qadar kaltaklangan. Ayblov tomoni o‘sha vaqtda jinoyatni Sallivan amalga oshirganini ta’kidlagan — u mast holatda temir bo‘lagi bilan ko‘chaga chiqib, ishdan keyin uyiga qaytayotgan qizga hujum qilgani aytilgan. O‘tgan yillar davomida Sallivan o‘zining aybsiz ekanini aytib kelgan, uning advokatlari esa ikki marotaba hukmning bekor qilinishiga uringan.
Jinoiy ishlarni qayta ko‘rib chiqish komissiyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilgan yangi DNK ekspertiza natijalari Sallivanning aybsizligini isbotlashda asosiy omil bo‘lgan. Aniqlanishicha, jinoyat joyidagi genetik izlar boshqa erkakka tegishli bo‘lib, hozircha uning shaxsi aniqlanmagan. Prokuratura vakili agar ushbu ma’lumotlar 1987 yili unda bo‘lganida, ish umuman boshqacha tarzda yakunlangan bo‘lishini tan olgan.
Sudya Xolroydning so‘zlariga ko‘ra, yangi dalillar sabab «ayblov hukmini asosli deb atab bo‘lmaydi». Sallivan sud majlisini qamoqxonada turib, videoaloqa orqali kuzatgan.
Mersisayd politsiyasining ma’lum qilishicha, 2023 yildan beri idora 260 dan ortiq erkakni tekshirgan, ammo Sindallning tanasida DNKsini qoldirgan odam shaxsini aniqlay olmagan. Katta detektiv Karen Jondrillning so‘zlariga ko‘ra, politsiya aybdorni topish uchun Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi bilan ishlashni davom ettiradi.
Sallivan voqeasi Buyuk Britaniya tarixidagi eng uzoq davom etgan sud xatosi bo‘ldi. Huquq himoyachilari uni DNK ekspertizalarining yangi natijalari asosida o‘nlab yillardan keyin oqlangan Endryu Malkinson va Viktor Nilon ishlariga taqqosladi. Tergov rahbari Jyeyms Berlining aytishicha, apellyatsiya tizimi islohotga muhtoj.