Voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkagacha qamalishi mumkin
Ularning xatti-harakatlari jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik sifatida baholanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochishga sabab boʻladi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti 18 yoshdan oshgan shaxslar tomonidan sodir etilgan kvadrobika harakatlari mayda bezorilik sifatida malakalanishi mumkinligini maʼlum qildi.
Qayd qilinishicha, kvadroberlar koʻchada oʻzga shaxslarga tashlansa yoki erkin harakatlanishiga toʻsqinlik qilsa, bunday xatti-harakatlar ham mayda bezorilik deb baholanadi.
Mazkur harakatlar bilan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochishga sabab boʻladi. Ushbu modda bilan ayblangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (1 mln 125 ming soʻmdan 1 mln 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortilishi yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olinishi mumkin.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHM 5 barobarigacha (1 million 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortishga sabab boʻladi.