Yon shajara boʻyicha yaqin qarindoshlar nikohini taqiqlash taklif qilinmoqda
Oʻzbekistonda ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi darajadagi yon shajara boʻyicha qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni taqiqlash rejalashtirilmoqda. 2023-yilda tugʻma nuqson va irsiy kasalliklar bilan tugʻilgan bolalarning 9,7 foizi yaqin qarindoshlar oʻrtasida boʻlgan.
Oʻzbekistonda yon shajara boʻyicha yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni taqiqlash taklif qilinmoqda. Bu Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga eʼlon qilingan Oila kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasida nazarda tutiladi.
Oʻzgartirishlarga koʻra, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi darajadagi yon shajara boʻyicha qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Istisno tariqasida, tibbiy genetik tekshiruvlar (DNK testi) natijasi ijobiy boʻlgan nikohlarga ruxsat beriladi.
Qoʻmita Janubiy Koreya, Rossiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Ukraina, AQSH, qoʻshni va boshqa mamlakatlar tajribasiga tayanadi. Yon qarindoshlar aka-uka va opa-singillar, ularning bolalari, ota va onaning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari va boshqalar hisoblanadi.
Hozirda Oʻzbekistonda nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida nikoh qurishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan tashqari, nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.