Yulduz Rajabova turkiyalik aktyor Emre Kiviljim bilan ishqiy munosabatdami? Aktrisa javob berdi
Aktrisa Yulduz Rajabova “Temp FM” radiosiga bergan intervyusida “Mendirman Jaloliddin” serialidagi partnyori Emre Kiviljim bilan munosabatlari hamda ijodidagi yangiliklar haqida soʻzlab berdi.
Yulduz Rajabova turk aktyori Emre Kiviljim bilan 2020-yilda “Mendirman Jaloliddin” serialini suratga olish jarayonlarida tanishgan edi. Emre serialda bosh qahramon — Jaloliddinni gavdalantirgan, Yulduz esa Jaloliddinning sevgilisi — Qutlibekani ijro etgandi. Serial taqdimotidan soʻng turk va oʻzbek OAVlarida Emre va Yulduzning hayotda ham bir-biriga nisbatan iliq munosabatda ekanligi haqida xabarlar tarqaldi. Serialning Toshkentdagi taqdimotida Emre va Yulduzning naqadar yaqin munosabatda ekani oshkor boʻldi.
2021-yilda Emre Kiviljim Instagram sahifasiga Yulduz Rajabova bilan tushgan suratini joylab, uni tugʻilgan kuni bilan tabrikladi hamda “Tugʻilgan kuning bilan, sevgilim” deb yozib qoldirdi. Ushbu post izohiga oʻzbek shou-biznesi vakillari ikki yoshga baxt tilab, samimiy tilaklarni yozib qoldirishdi. Yulduz va Emre bir necha bor turli madaniy tadbirlarda birga ishtirok etdi, juftlik muxlislariga Dubay va Istanbul sayohatlarida ham birga koʻrinish berdi.
Emre Kiviljim 2023-yilda jurnalist Jasur Hamroyevga bergan intervyusida “Yulduzga boʻlgan sevgingiz tugadimi?” degan savolga “Ishq bitmas, u mozorga qadar”, deb javob bergan edi.
Oʻtgan vaqt ichida Yulduz Rajabova turkiyalik hamkasbi bilan munosabatlariga hech qanday izoh bermagan. Radioga bergan yangi intervyusida esa aktrisa, aslida, Emre bilan faqat doʻstona munosabatda boʻlgani, doʻstona quchoqlashishlarni OAV vakillari notoʻgʻri talqin qilgani haqida gapirdi.
— Emre Kiviljim bilan hamkasb, doʻstona munosabatlarimizni OAV vakillari muhabbatga yoʻyishdi. Bizda jurnalistlar oʻzlari ishongan narsa haqida gapirishni yaxshi koʻrishadi. Aslida, biz bir-birimizni loyiha bilan tabriklab quchoqlashganimiz va birga tushgan suratlarimizni turli OAV vakillari oʻz sahifalariga joylaganidan soʻng, biz haqimizda turli gap-soʻzlar tarqaldi. Bularning barchasi haqiqatdan yiroq. Bugungi kunda yuragim boʻm-boʻsh, deydi Yulduz Rajabova.