Алиса со скидкой (верхний)
РУ
O’Z
UZS
/
/
2024-yilda vafot etgan o‘zbek san’ati va madaniyati vakillari
22.12.2024 (yangilandi 22.12.2024)

2024-yilda vafot etgan o‘zbek san’ati va madaniyati vakillari

2024-yilda vafot etgan o‘zbek san’ati va madaniyati vakillari

Joriy yil nafaqat quvonchli xotiralar, balki yo‘qotishlar bilan ham yodimizda qoladigan bo‘ldi. 2024-yil so‘nggida Toping.uz jamoasi o‘zbek adabiyoti, madaniyati va san’atiga hissa qo‘shgan va oramizni erta tark etgan insonlar haqidagi ma’lumotlarni jamladi.

image

Yangi yilga eng yaxshi sovg‘ani topdik. BU NIMA?

icon

Turg‘un Azizov

O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 22 yanvar kuni 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda aktrisa Dilnoza Kubayeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Turg‘un Azizov 1934-yilning 30-noyabrida Toshkentdagi “Saryog‘chi” (hozirgi “Beshqayrag‘och”) mahallasida tug‘ilgan. 1956-yili avvalgi O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yili hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. 33 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan. Shuningdek, u “Mehnat shuhrati” ordeni (2001-yil) sohibi ham hisoblanadi.

Asosiy rollari: Ferdinand (“Makr va muhabbat”), Ilyos (“Sarvqomat dilbarim”), Eydzi (“O‘g‘irlangan umr”), Mark Tuysk (“Oqpadar”), Niyoz (“Noma’lum kishi”), Yo‘lchi (“Qutlug‘ qon”), Gʻofir (“Boy ila xizmatchi”) va boshqalar.

Aktyorga katta shuhrat keltirgan roli “O‘limdan kuchli” spektaklidagi Monserradir. Kinoda Amir Olimxon (“Gang uzra tong”), Bakir (“Maftuningman”), Amir Nasrullo (“Nodirabegim”), Ota Maqsumov (“Uzoq-yaqin yillar”), Mirzakarimboy (“Parol – Regina mehmonxonasi”), Dadaboy (“Qo‘qon voqeasi”) kabi obrazlar yaratdi. Lirik-dramatik va romantik plandagi rollarini zo‘r ehtiros va jo‘shqinlik bilan ijro etgan, qahramonlar xarakterini ochishda til boyligidan ustalik bilan foydalangan, oz harakatda ko‘p ma’no anglatishga, qahramonining his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini tabiiy ifodalashga intilgani e’tirof etilgan.

Abror Tursunov

“Kulol va xurmacha” filmidagi Xurmacha roli bilan muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor va rejissor Abror Tursunov 7-fevral kuni vafot etdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro ma’lum qilgandi.

“Azizlar, sevimli kinoaktyorimiz, o‘zimizning ’xurmacha’ —  Abror Tursunov vafot etdilar. Bu haqda hozirgina menga kelinlari Barnoxon telefon orqali xabar berdi.

Abror aka og‘ir xastalikdan keyin ijoddan chetlanib qolgan bo‘lsalar-da, ko‘ngillarida doim kino yashardi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin”, — deb yozadi jurnalist.

Jasur Shametov

Taniqli operator, rejissor, klipmeyker Jasur Shametov 39 yoshida vafot etdi. Bu haqda o‘zbek shou-biznesi vakillari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

U shu kunga qadar “Qalbim o‘g‘risi”, “Achchiq hayot”, “Qalbaki dunyo”, “Uchrashuv”, “Gunoh”, “Zarb”, “Oh, Salima, Salima”, “Mahallada nima gap?” kabi badiiy filmlarda postanovkachi operator sifatida ishlagan. Shuningdek, “Uchrashuv” badiiy filmining ssenariy muallifi va postanovkachi rejissori.

Aktyor sifatida “Suiqasd”, “Poyma-poy” filmlarida rollar ijro etgan. Klipmeyker sifatida Rayhon, Lola, Shohruhxon, Munisa Rizayeva, “Afruz” guruhi va boshqa xonandalarning o‘nlab kliplarini tasvirga olgan.

Qalandar baxshi

O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Ro‘zimboy Normatov) 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xorazm baxshichilik, dostonchilik maktabining yirik nomoyondalaridan biri bo‘lgan Ro‘zimboy (Qalandar baxshi) Normatov 1951-yil 15-iyunda Xorazm viloyati Shovot tumanida tavallud topgan. U 1990-yil Toshkent davlat madaniyat institutini tamomlagan.

Qalandar baxshi xalq ijodiyotining an’anaviy xalq termalari, dostonlari, xalfa qo‘shiqlari va masxarabozlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga qamrab olgan “Avazxon” folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritgan.

Olim Hojisharipov

O‘zbek telekanallari orqali uzoq yillar namoyish etilib, tomoshabinlar mehrini qozongan — “Gap yo‘q. Maslahat” hajviy ko‘rsatuvi boshlovchisi Olim Hojisharipov 19 mart kuni 58 yoshda vafot etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Olim Hojisharipov bir necha yillardan beri saraton bilan kurashib kelgan. Yaqinlari aktyorni xotirlab, uning ijrosidagi eng yaxshi rollar va xarakteri haqida alohida to‘xtalishgandi.

Malika Qayumova

O‘zbekiston xalq artisti Malika Qayumova 14 iyun kuni 70 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

“Malika Qayumova teatr san’atida o‘ziga xos o‘chmas iz qoldirgan noyob iste’dod egasi, o‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi san’atkor sifatida qalblarimizda mangu yashaydi”, — deyiladi xabarda.

Malika Qayumova 1954-yil Toshkent viloyatida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. 1976-yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan. Institutni bitirgach, o‘zbek drama teatrida o‘z faoliyatini boshlagan. 1993-yildan boshlab Muqimiy nomidagi musiqali teatrda faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Bobomurod Hamdamov

O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 2-sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

Bomurod Hamdamov 1940-yilda Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan. Bolaligidan qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rgan. Asosan 4 tilda: o‘zbek, turkman, tojik va hind tilida xalq qo‘shiqlarini ijro etgan.

Bobomurod Hamdamov o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atining rivojlanishida salmoqli hissa qo‘shib, bir nechta o‘lmas asarlar yaratdi va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa uning “Sulton Jaloliddin”, “Kim ekan”, “Devona”,  “Galdimu”,  “Qo‘rqdim” kabi qo‘shiqlari keng ommalashib, xalq qalbida munosib o‘rin egalladi.

Bobomurod Hamdamov buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning munosib izdoshi edi. Uning qo‘shiqlari va ijodi o‘zbek san’atining “oltin fondi”ga kiritilgan.

Kamola Mahmudova

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Ozarbayjondagi vakolatxonasining sobiq rahbari, o‘zbekistonlik Kamola Mahmudova 48 yoshida Londonda vafot etdi.

Kamola Mahmudova 1976-yil Toshkentda tug‘ilgan. U Khan Academy, “Ezgu amal”, “Yashil Buxoro” kabi bir qator ta’lim, ijtimoiy va xayriya loyihalarining tashabbuskori va faol ishtirokchisi edi. U 25 yildan buyon Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari, O‘zbekistonning Belgiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardagi elchisi, professor Alisher Fayzullayevning yozishicha, Kamola Mahmudova uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi.

Halima Ibragimova

Komik aktrisa Halima Ibragimova 7-dekabr kuni 45 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Mirzabek Xolmedovning o‘g‘li Ulug‘bek Instagram’dagi sahifasi orqali xabar berdi.

Halima Ibragimova Instagram’da  bir necha oy ko‘rinmadi, u 25-noyabr kuni aloqaga chiqib og‘ir betob bo‘lgani haqida so‘zlab bergandi.

Issiq jonmiz, bilib bo‘lmaydi. Ozgina sog‘lig‘imda muammo bo‘lib, chiqa olmay qolgandim. Hozir ancha yaxshiman, davolanish ishlari davom etmoqda. Yaqin kunlarda “Mirzo” teatrining konserti, u yerda rol ijro etishim kerak, degan edi aktrisa.

Halima Ibragimova 1979-yili Toshkentda tug‘ilgan. U ikki farzandning onasi edi.

Guzalya Mahmudqulova

Samarqandda 11-dekabr kuni byuti-bloger Guzalya Mahmudqulova vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2001-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro G.M. 11-dekabrdan 12-dekabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:00 larda o‘zini Rudakiy ko‘chasidagi uy derazasidan pastga tashlab, joniga qasd qilgan.

Holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB navbatchilik qismi tomonidan shahar prokuraturasiga berilgan xabar asosida hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqqan.

Marhumaning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

To‘lqin Tojiyev

Teatr, kino va dublyaj san’ati ustasi To‘lqin Tojiyev 88 yoshida vafot etdi. To‘lqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkentda tug‘ilgan. 1959-yili A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatib, Hamza nomidagi O‘zbek davlat (hozirgi O‘zbek milliy) akademik drama teatriga ishga kirgan.

O‘zbekiston xalq artisti Jo‘ra Tojiyev xonadonida o‘sib, voyaga yetgan To‘lqin Tojiyev ijodiy faoliyatini juda erta boshlagan. 1947-yildan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi va respublika radiosida ishlay boshladi. Oiladagi ijodiy muhit unda teatr san’atiga ilk mehrini uyg‘otgan edi. Aktyor bo‘lib yetishishida otasining xizmati juda katta bo‘ldi. Birinchi ustozi ham Jo‘ra Tojiyev edi. Shuningdek, Sharif Qayumov, Aleksandr Ginzburg, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Sa’dixon Tabibullayev kabi ustoz san’atkorlardan ko‘p narsa o‘rgandi.

Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Yangi Shop Tashkent

map-pin

Малика, магазин 6а

Sotuvchi
phone

+998901777516

telegram-logo

@yangishoptashkent

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.