верхний кино
РУ
O’Z
UZS
/
/
2025-yilgi “Oskar” mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
03.03.2025 (yangilandi 03.03.2025)

2025-yilgi “Oskar” mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

2025-yilgi “Oskar” mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

Toshkent vaqti bilan 3-mart kuni tongda 97-Oskar taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Kinematografiya sohasida yilning eng muhim voqealaridan biri hisoblanadigan marosimning qiziqarli voqealari va gʻoliblar roʻyxati bilan tanishtiramiz.

image

Kinolarni bepul ko‘rish imkoniyati!

icon

Marosimda komik Konan Obrayen boshlovchilik qildi. Ma’lumot uchun, bu Konanning Oskar marosimlarida boshlovchi sifatida birinchi ishtiroki hisoblanadi.

“Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak roli” nominatsiyasida Kiran Kalkin “Haqiqiy ogʻriq” (“A Real Pain”) filmidagi ijrosi uchun gʻolib boʻldi. Mukofotni 2024-yilda ushbu nominatsiyada Oskar yutgan Robert Dauni topshirdi.

Shundan soʻng animatsion filmlar boʻyicha gʻoliblar e’lon qilindi. Unga koʻra, “Eng yaxshi qisqa-metrajli animatsion film” nominatsiyasi boʻyicha eronlik ijodkorlarning “Sarv soyasida” (“In the Shadow of the Cypress!”) multfilmi sovrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, “Eng yaxshi animatsion film” sifatida Oskarni Latviyaning “Oqim” (“Straume”) animatsiyasi qoʻlga kiritdi. Bu mamlakat tarixidagi ilk Oskar mukofoti boʻldi.

“Eng yaxshi kostyumlar dizayni” nominatsiyasida “Yovuz: G‘arb jodugari haqida ertak” (“Wicked”) filmi mukofotga loyiq koʻrildi.

“Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy” nominatsiyasida “Konklav” filmi uchun Piter Strogen gʻolib boʻldi. “Eng yaxshi original ssenariy” nominatsiyasida esa Oʻzbekistonda shov-shuvlarga sabab boʻlgan “Anora” filmi rejissyori Shon Beyker Oskarni qoʻlga kiritdi.

“Substansiya” (“The Substance”) filmi marosimdagi ilk mukofotini “Eng yaxshi grim va soch turmaklari” nominatsiyasida yutdi. “Anora” esa ikkinchi Oskarni “Eng yaxshi montaj” nominatsiyasi boʻyicha qoʻlga kiritdi.

Shundan soʻng “Eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli” boʻyicha Oskar mukofoti topshirildi. Unda “Emiliya Perez” filmi aktrisasi Zoe Saldana gʻolib boʻldi.

Keyin esa sahnaga “The Rolling Stones” rok guruhi yulduzi Mik Jagger chiqdi. U “Filmdagi eng yaxshi qoʻshiq” nominatsiyasi boʻyicha gʻolibni taqdirladi. Oskarni “Emiliya Perez” filmida ijro etilgan “El Mal” qoʻshigʻi qoʻlga kiritdi.

Hujjatli filmlar boʻyicha mukofotlarni topshirish uchun sahnaga Samuel L. Jekson va Selena Gomes chiqib keldi. “Eng yaxshi qisqa-metrajli hujjatli film” nominatsiyasida gʻoliblikni “Orkestrdagi yagona qiz” (“The Only Girl in the Orchestra”), “Eng yaxshi hujjatli film” boʻyicha esa “Boshqa yer yoʻq” (“No Other Land”) kinolari Oskarga loyiq koʻrildi.

“Dyuna 2” kinokartinasi ham bu marosimda mukofotlar yutdi. Deni Vilnyov filmi “Eng yaxshi ovoz” va “Eng yaxshi vizual effektlar” boʻyicha ikkita Oskarni qoʻlga kiritdi.

“Eng yaxshi qisqa-metrajli film” nominatsiyasida gʻoliblikni niderland tilida ishlangan “Men robot emasman” (“I Am Not A Robot”) kinokartinasi qoʻlga kiritdi.

2024-yilning eng yaxshi filmlaridan biri boʻlgan “Brutalist” kinokartinasi marosimdagi ilk mukofotini “Eng yaxshi operator ishi” nominatsiyasida qoʻlga kiritdi.

“Eng yaxshi xorijiy” filmi nominatsiyasi gʻolibini e’lon qilish uchun Penelope Kruz sahnaga chiqib keldi. Gʻolib Braziliyaning “Men hali shu yerdaman” (“I Am Steel here”) kinokartinasi boʻldi. Ushbu film ham Braziliya uchun ilk Oskarni taqdim etdi.

“Eng yaxshi original saundtrek” nominatsiyasida Oskarga Deniel Blumberg “Brutalist” filmi uchun loyiq koʻrildi. Bu kinokartina uchun marosimdagi ikkinchi mukofot boʻldi.

“Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida so‘nggi vaqtlarda “gumanitarlar uchun Jeyson Stethem” deya hazil qilinayotgan Edrian Broudi “Brutalist” filmidagi roli bilan Oskarni qo‘lga kiritdi.

Asosiy nominatsiyalarni topshirish jarayoni “Anora” filmining triumfiga aylandi. Kinokartina ijodkorlaridan “Eng yaxshi rejissyor” bo‘yicha Oskar Shon Beykerga, “Eng yaxshi aktrisa” bo‘yicha esa Mayki Meddisonga nasib etdi. Shuningdek, “Anora” “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha ham Oskarni o‘ziniki qildi.

“Anora” filmi rejissyori Shon Beyker bir loyiha uchun 4 ta Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan ilk ijodkor bo‘ldi.

Bu qiziq

Kinolarni bepul ko‘rish imkoniyati!
Kinolarni bepul ko‘rish imkoniyati!
Buyurtma qoldiring

Bizning menejerlarimiz yaqin orada siz bilan bog‘lanadi.

Rahmat, arizangiz qabul qilindi.