AQSH kompaniyasi Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi aktivlarini boshqarishga jalb qilindi
Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi va Franklin Templeton Asset Management MCHJ XK oʻrtasida investitsiya aktivlarini boshqarishga oid ishonchli boshqaruv shartnomasi imzolandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu kelishuv mamlakat iqtisodiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash va xalqaro investorlarni jalb etish maqsadida tuzilganini taʼkidladi.
Shartnomaga muvofiq, Franklin Templeton jamgʻarmaga tegishli boʻlgan 18 ta davlat korxonasi va tijorat banklari aksiyalarini boshqarib, ularning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi.
Ushbu transformatsiya jarayonlari yakunlangach, jamgʻarma boshqaruvidagi kompaniyalar va banklarning aksiyalari mahalliy hamda xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.
Buning uchun Franklin Templeton tomonidan davlat korxonalari va tijorat banklari strategiyalarini qayta koʻrib chiqish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, moliyaviy samaradorlikni oshirish, ichki audit va risklarni boshqarish tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish kabi keng koʻlamli islohotlar amalga oshiriladi.