Braziliyalik er-xotin eng uzoq nikoh boʻyicha jahon rekordini oʻrnatdi


Braziliyalik er-xotin eng uzoq muddatli nikoh boʻyicha jahon rekordini oʻrnatdi. Ular 84 yilu 77 kundan beri birga yashamoqda. Juftlik mustahkam oilaning sirini oshkor qildi.
Bu hozirda hayot boʻlgan odamlar orasidagi eng uzoq muddatdir. Bu haqda yutuqlar toʻplami rasmiy saytida maʼlum qilingan.
105 yoshli Manoel Anjelim Dino va 101 yoshli Mariya de Souza Dino 1936-yilda tanishgan, ular birgalikda qishloq xoʻjaligida mehnat qilishgan.

Biroq Manoel va Mariyaning munosabatlari faqat 4 yildan soʻng tasodifan yana uchrashganlarida boshlangan.
Manoelning aytishicha, u Mariyani birinchi koʻrishdayoq sevib qolgan, ammo qizning oilasi dastlab munosabatlarga qarshi chiqqan. Manoel Mariyaning ota-onasining ishonchini qozonishga majbur boʻlgan va buning uchun qiz bilan yashashi mumkin boʻlgan uy qurgan.

Birgalikdagi 84 yillik hayoti davomida rekordchilar 13 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishgan. Hozirda Manoel va Mariyaning 55 nafar nevarasi, 54 nafar evarasi va 12 nafar chevarasi bor. Ularning uzoq yillik turmushining siri nimada, degan savolga Mariya: “Sevgi bilan” deya javob bergan.